29 iyul kuni soat taxminan 13:00 larda Toshkentning Bektemir tumani Istiqlol ko‘chasida Matiz va Howo yuk mashinasi ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deb xabar berdi poytaxt IIBB matbuot xizmati.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Matiz haydovchisi 2002 yilda tug‘ilgan Sh. X. belgilangan tezlikni me’yoridan oshirib, rul boshqaruvini yo‘qotgani sababli qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, o‘z yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Howo rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

Hodisa oqibatida Matiz avtomashinasi haydovchisi olgan og‘ir tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

IIV JXP YHXX ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3559 ta YTH sodir bo‘ldi, ularda 2775 kishi jarohat olgan bo‘lsa, 784 kishi halok bo‘ldi. Shu davr ichida Toshkent shahrida rasman 413ta YTH qayd etilib, natijada 377 kishi tan jarohati oldi, 36 kishi halok bo‘ldi. Poytaxtda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarning deyarli yarmiga sabab — tezlikni belgilangan me’yoridan oshirish.