«Siz chindan ham haqiqatni yozasizmi?» — deb so‘raydi deyarli har bir nukuslik suhbatdoshim. «Bu mening maqsadim», — deb javob qaytaraman men. Haqiqat — bu aynan hozir Qoraqalpog‘iston va butun O‘zbekiston aholisiga zarur bo‘lgan narsa. Aynan haqiqatning yo‘qligi va rasmiylarning xalq oldiga chiqib, ularni tinglashdan qo‘rqqani iyun oyining oxirida Qoraqalpog‘istonda vaziyatni keskinlashtirib, 1 va 2 iyul kunlari tartibsizliklar va fojialarga olib keldi.

Xalq vakillari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan «Qoraqalpog‘istonning maqomi to‘g‘risida»gi Asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish taklifi bilan chiqqan Konstitutsiyaviy komissiya sukut saqlashda davom etmoqda. U har kuni fuqarolardan kelgan o‘n minglab takliflar (ularning soni allaqachon 100 mingdan oshib ketdi) haqida hisobot beradi, lekin ular bilan ochiq tanishishni taklif qilmaydi. Nukusdagi fojia mavzusi boshqa xabarlar fonida orqa planga o‘tib ketdi, biroq u qoraqalpoqlar va respublikada istiqomat qilayotgan boshqa millat vakillarining qalbida bitishi uchun uzoq vaqt talab etiladigan chuqur yara qoldirdi.

Qoraqalpog‘istonda iyul oyi boshidagi voqealar yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya ishlamoqda. Oradan deyarli yarim oy o‘tib — 16 iyul kuni — Nukusga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi holatlarini o‘rganish maqsadida parlament komissiyasi yetib keldi. «Gazeta.uz» ushbu voqea sababli hayoti larzaga kelgan respublika aholisining fikrlarini taqdim etishni o‘z burchi deb hisoblaydi.


Nukus aeroportida yo‘lovchilarni kutib oluvchi yozuv.

Nukus aeroportidagi BTR. 23 iyul.

Qo‘rquv

Nukus sizni yoqimli salqin havosi bilan kutib oladi. Aeroportda BTR navbatchilik qilmoqda. Chiqishda qora forma kiygan va yuzlari niqob bilan yopilgan, qurollangan odamlar turishibdi. Mehmonlarni odatdagidek taksi haydovchilari qurshab olishadi. Terak barglarining shitirlashi, qushlarning sayrashi eshitilib turadi. Ko‘chalar bo‘ylab «Damas»lar tinmay o‘tadi. Piyodalar va velosipedchilar o‘z ishlari bilan shoshgancha harakatlanishadi. Chorrahalar va ko‘priklardagi yongan shinalarning izlari hamda ko‘chalar o‘rtasidagi yulib olingan panjaralardan tashqari deyarli hech narsa iyul oyi boshida sodir bo‘lgan voqealarni eslatmaydi.


Odamlar bilan o‘sha voqealar haqida gaplashishni boshlashingiz bilan ular birdan o‘zgarib qolishadi. Past ovozda gapira boshlashadi. Telefonlarini butunlay o‘chirib qo‘yishadi yoki uzoqroqqa olib qo‘yishadi. Ular ishonchsizlikni saqlagan holda, o‘zlari xohlagan narsa haqida darrov gapirib ketishmaydi. Asta-sekin suhbatdoshlar o‘sha kunlarda yaralangan yoki halok bo‘lgan qarindoshlari, tanishlari va o‘zlari tanimagan insonlar haqida gapira boshlaydilar.

Shaharda har tomonlama qo‘rquv sezilib turibdi. Odamlar o‘z yaqinlariga zarar yetkazish yoki biznesini yo‘qotishdan cho‘chib, gapirishdan qo‘rqishadi. Ba’zilarning ko‘zlarida yosh ko‘rish mumkin. Har bir kishi tartibsizliklar paytida 21 kishi halok bo‘lgani haqidagi rasmiy statistikaga ishonmasligini aytishadi. «Ular aslida bundanda ko‘proq». Ular iyun oyi oxirida, hammasi boshlanganida jurnalistlar Nukusga kelmaganini qoralashmoqda: «Ehtimol, bu fojianing oldini olgan bo‘lardi». Menda bunga aytarli javob yo‘q.

Birdamlik

«Bu masala (Konstitutsiyaga tuzatish kiritishga qarshi chiqish — tahr.) barchamizni birlashtirdi. Ilgari qarashlari turlicha bo‘lgan yoki bir-biriga toqat qila olmaydigan odamlar birdan bir-biriga yaqin bo‘lib qolishdi», — deydi nukusliklardan biri.

25 iyun kuni o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha loyiha e’lon qilinganidan so‘ng Qoraqalpog‘iston aholisi o‘zgartishlardan norozi ekanliklarini bildirgan holda individual va jamoaviy videomurojaatlar yozishni boshlashdi. Ular ommaviy tarzda komissiyaning call-markaziga (1341) qo‘ng‘iroq qilib, o‘zgartirishlarga qarshi ekanliklarini bildirishdi. «Men o‘zim ham qo‘ng‘iroq qildim, xotinimdan ham buni so‘radim, hamma tanishlarim qo‘ng‘iroq qildi», — dedi nukuslik fuqaro.

Turli yoshdagi odamlar, jamoat arboblari, o‘qituvchilar, turli tashkilotlar, jumladan, davlat tashkilotlari xodimlari, Qozog‘iston, Rossiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda yashovchi qoraqalpoqlar videomurojaatlar bilan chiqishdi. Rasmiylar bunga munosabat bildirishmadi, biroq respublikada internetga kirish cheklab qo‘yildi. Chiqish qilganlarning hibsga olingani haqida xabarlar paydo bo‘ldi (rasmiy ma’lumot bo‘lmaganda aholining xabarlariga tayanishga to‘g‘ri keladi).

1 iyul kuni jurnalist Dauletmurat Tajimuratov Jo‘qorg‘i Kengesga «belgilangan talablar» asosida (Konstitutsiyaning 33-moddasida shunday deyilgan: «Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega») «Qoraqalpog‘iston ozodligi» uchun 5 iyul kuni «tinch, uyushgan» miting o‘tkazish iltimosi bilan murojaat qilgani haqida video paydo bo‘ldi.

Tez orada u hibsga olindi. Bu xabar butun shahar va undan tashqarida tarqaldi, odamlar Nukus shahri markaziga — bozor oldiga oqib kela boshladi. Asta-sekin minglab odamlar ko‘chani to‘ldirishdi. Avtomobillarning harakatlanishi imkonsiz bo‘lib qoldi. Ko‘pchilik «buni zarur deb bilganlari uchun» ommaviy yurishga qo‘shilganini aytdi. Odamlar do‘stlari, qarindosh-urug‘lariga qo‘ng‘iroq qilib, respublika Jo‘qorg‘i Kengesi (parlamenti) rahbari Murat Kamalov nutq so‘zlashini aytishdi. Xalq uni eshitishni xohlardi.

1 iyul kuni kechqurun bozor oldidagi ko‘cha.

«O‘g‘lim, Konstitutsiyani himoya qil»

Qoraqalpog‘istonning eng chekka hududlaridan ham odamlar Nukus tomon yo‘l olishdi. Nukus, Kegeyli, Chimboy, Qorauzak, Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Xo‘jayli va boshqa hududlardan. «Piyoda, otda, mashinalarda, traktorlarda, yuk mashinalarida, tirkamalarda», — deydi suhbatdoshlardan biri. Aholi ota-onalar o‘g‘illariga «Bor, o‘g‘lim, Konstitutsiyani himoya qilish kerak», deb duo qilganliklarini eslaydi.

«Odamlarning hech qanday rejasi yo‘q edi, ular yagona ehtiros ila birga harakatlanardi, hammani o‘zlariga ergashishga chaqirishdi, boshqalar ham ularga qo‘shilishdi. Ishtirokchilar orasida ayollar ham ko‘p edi. Avtomobillarda qo‘llab-quvvatlagan holda signallar chalinardi. Yo‘lda mahalliy aholi ularga suv, non va boshqa oziq-ovqatlar berishardi», — dedi suhbatdosh.

Hozir bozor oldidagi ko‘cha.

Suhbatdoshlar 1 iyuldagi yurishlar oldindan rejalashtirilgan degan versiyani rad etishmoqda. «Bu rasmiylarning uzoq vaqt sukut saqlashi oqibatida mutlaqo o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan harakat edi», — deydi boshqa bir nukuslik.

«Bu yerda hammasi birgalikda yig‘ilib qolgan edi: rasmiylarning sukutiga ijtimoiy va iqtisodiy muammolar qo‘shildi — og‘ir hayot, ish yo‘qligi, suv tanqisligi, odamlarning bundan charchaganliklari. Butunboshli qishloqlar bo‘m-bo‘sh, odamlar oilasi bilan Qozog‘istonga ko‘chib o‘tmoqda», — deya qayd etdi suhbatdosh.

«Tumanlarda odamlar juda soddadil. Turli saytlar ko‘rsatishga harakat qilgani kabi millatchilik masalasi yo‘q edi. O‘zgartirishlardan norozi bo‘lganlar orasida o‘zbeklar ham, boshqa millat vakillari ham ko‘p bo‘ldi, biz hammamiz bir xalqmiz», — deya ta’kidladi birinchi suhbatdoshimiz.

«Agar odamlar bilan birinchi kundanoq muloqotga kirishilganida, vaziyat bunchalik keskinlashmagan bo‘lardi. Hech bo‘lmaganda bitta hurmatli odam chiqib gaplashsa bo‘lardi. Odamlar qandaydir bo‘lsa-da javoblar kutishgan. Odamlarning deputatlarga boshqa ishonchi qolmadi», — dedi u.

«Birgina zarur narsa bu — ovoz kuchaytirgich bilan chiqish kerak edi. Javob bera oladigan odam kerak edi. Ammo amaldorlar jim bo‘lib, buyruqni kutishdi. Bunday sukunat tufayli odamlarda vahima ko‘tarila boshladi, ular ogohlantirishsiz o‘zlarini qoniqtirmaydigan qaror qabul qilishlaridan qo‘rqishdi. Shu sababli mish-mishlar tarqaldi, vahima va noto‘g‘ri harakatlar sodir bo‘ldi», — dedi ikkinchi suhbatdoshimiz.

«Tajovuz alomatlari yo‘q edi»

Kechki soat 6 lar atrofida suhbatdosh (ayol kishi) o‘g‘li bilan bozor oldida nimalar sodir bo‘layotganini ko‘rishga borgan. «Odamlar „Daulet, Daulet!“ deb baqirishardi. Hamma ko‘tarinki kayfiyatda, hech qanday tajovuz alomatlari yo‘q edi. Ular qariyb bir hafta javob kutishgandi vanihoyat ularni eshitishgandek his-tuyg‘u uyg‘ongandi. Bu ishonchni yanada ko‘tardi».

Ichki ishlar organlari xodimlari do‘stona munosabatda edi, aholi ularning orasida o‘zining yaqinlarini ko‘rib, salomlashishdi («Shahar kichkina, hamma bir-birini taniydi»), ayrim xodimlar o‘z telefonlariga qarab turishardi. «Ozgina turib, biz ketdik, chunki hech nima eshitilmayotgandi», — dedi u.

Aholining videoyozuvlari va fotosuratlar, qolaversa, huquq-tartibot organlari tomonidan dron yordamida suratga olingan lavhalar yig‘ilish tinch o‘tganini tasdiqlaydi. Yig‘ilganlarning qo‘lida faqat telefonlar bor edi. Kun issiq edi va odamlar bir-biriga va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga suv uzatishardi.

O‘sha kuni odamlar tomiga bayroq ko‘tarib chiqib olgan «Kristall» maishiy xizmat ko‘rsatish uyi binosi.

Aholining aytishicha, hech kim do‘konlarga hujum va talonchilik qilmagan. Sotuvchilar buni tasdiqlashdi, garchi ular Olmaotadagi voqealarni eslab, bundan xavotir olgan bo‘lsa ham. Yurishlar bo‘lib o‘tgan bino oynalari bus-butun. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, kimdir yo‘l belgisini sindirishga uringan. Biroq, odamlar uni to‘xtatib qolishgan: «Nimaga bunday qilayapsan? Bu hammamizniki-ku».

Taxminan 21:00 larda yig‘ilganlar Dauletmurat Tajimuratov ozod qilinganini ko‘rishgan. U Murat Kamalov bilan birga uning mashinasi tomiga chiqib olgan. Ular nimalarnidir gaplashishgan, biroq, hech kim ularni eshitmagan — bir necha soat ichida hech kim tayinli ishlaydigan kolonkalarni olib kelmagan. Odamlar yaqin o‘rtadagi do‘konlardan texnikalarni olib kelishga va elektr tortishga urinishgan, lekin muvaffaqiyatsiz yakun topgan.

Tajimuratov ozod qilinganiga ishonch hosil qilgan odamlar tarqala boshlagan. Odamlar hamma tarqalgach, bozor oldidagi ko‘cha yig‘ilganlarning uchib ketgan oyoq kiyimlariga to‘lganini yuzida tabassum bilan eslashdi. Yurishlar to‘satdan sodir bo‘ldi va odamlar nima kiyimda bo‘lsa, shunday holicha unga qo‘shilib ketishdi, deyishdi guvohlar.

Lekin hamma ham tarqalmadi. Odamlarning bir qanchasi jurnalist ham ichida bo‘lgan Jo‘qorg‘i Kenges rahbari mashinasi ortidan ketishdi. Ular parlament binosiga kirishdi, odamlar esa ko‘chada kutishdi. Suhbatdoshning ta’kidlashicha, taniqli sambochi Azamat Turdanov Tajimuratovni qo‘llarida binoga olib kirgan. Aynan qo‘llarida, chunki, ko‘chada bo‘lgan odamlarning so‘zlariga ko‘ra, jurnalist yurishga qiynalgan.

Bu vaqtda esa Nukusga hamon tumanlardan odamlar yog‘ilib kelayotgandi.

Odamlarni tarqatish

Yarim tunda JK tomonidan portlashga o‘xshash ovozlar eshitila boshlandi. Aholi avvaliga buni salyut ovozi deb o‘ylashdi. Lekin tez fursatlarda bu shovqinli granatalar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz shashkalari ovozlari ekani ma’lum bo‘ldi. Biroq, ularni qo‘llashga kuchishlatar tuzilmalar xodimlarini nima majbur qilgani noma’lum. Milliy gvardiyaning Xorazmdan kelgan xodimi shunday deya so‘zlab berdi: «Agar biz o‘z vaqtida kelmaganimizda ular Jo‘qorg‘i Kengesni egallab olishardi. Odamlar Berdaq yodgorligi ustiga chiqib olishgandi». Avvalroq biz yosh yigitlar JK oldidagi haykal ustiga chiqishga uringani, lekin boshqalar ularni to‘xtatishga uringani haqida yozgandik.

Odamlar tarqala boshlashdi. Ular kuchishlatar tuzilmalar xodimlari taqibidan qochish uchun turar-joy massivlariga qarab yugurishgan. O‘sha kuni tasvirga olingan video lavhalarda harbiy kiyimdagi xodimlar odamlarni dubinka bilan urayotgani, ayrimlarga qarata esa — odamlarning taxminicha — rezina o‘qlar bilan o‘t ochishganini ko‘rish mumkin. Hibsga olinganlarni esa avtobuslarga tiqib, olib ketishgan. O‘lganlar va jarohatlanganlar haqida birinchi xabarlar tarqala boshladi.

Markaziy ko‘chalar bo‘ylaridagi o‘rindiqlarda o‘tirgan guvohlarning so‘zlab berishicha, ayrim gazli shashkalar odamlarga juda yaqin joyda portlagan. Ovoz karaxt qiladigan edi, tutundan ko‘zlar kuya boshladi, «sassiq hidga esa chidab bo‘lmas edi». Ular bu yerdan uzoqroqqa qocha boshlashdi.

Yaqin oradagi uylarda istiqomat qiluvchi aholi esa oynalardan gaz kirgani va ular ham bo‘g‘ila boshlaganini so‘zlab berishdi. Odamlar oynalarni yopib, yuzlariga nam matolarni qo‘yib olishdi. Bolalar qo‘rqib ketishgan, ota-onalari esa bu feyerverk deya ularni ovutishgan.

Soat 2 lar atrofida Tajimuratovni JKdan uyiga olib ketishgani ma’lum bo‘lgan. Bu haqda eshitgan yuzlab odamlar uning uyi oldida to‘plana boshladi. U chiqib, o‘zi bilan hammasi joyida bo‘lishini aytib, hammadan tarqalishni so‘radi. Odamlar tarqala boshladi, lekin, 100−150 kishi baribir qoldi. Aholi ularga ko‘rpachalar, gilamlar olib chiqib, ko‘chada ovqatlar tayyorlab berishdi, deydi nukusliklar.

Taxminan 3 larda ko‘chada «omonchilar» paydo bo‘ldi. Ular bu yerda bo‘lganlarni hibsga ola boshladi. Qo‘shnilarning aytishicha, bir yigit baqir-chaqirlarga yugurib chiqqan va uni ham olib ketib qolishgan, faqat oradan bir necha kun o‘tgach uyga qo‘yib yuborilgan.

Kuchaytirilgan rejim

Kechqurun va tun bo‘yi Nukusga harbiy-transport samolyotlari qo‘nishdi, ularda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yetkazib kelindi. Ertalab markaziy ko‘chalarda o‘nlab maxsus xizmatlar mashinalari, qurollangan odamlar turgandi, parlamentga olib boruvchi ko‘cha esa yopilgandi. Nukusdagi operatsiyalarga Qoraqalpog‘istondagi Qurolli Kuchlar va Milliy gvardiya xizmatchilari jalb etilmaganligi xabar qilindi.

2 iyul, shanba tongida Nukus aholisi yana nimadir sodir bo‘lishini xayoliga ham keltirmasdan, ishga borish, xarid qilish maqsadida, yana kimdir bolalari bilan o‘z yumushlari tomon otlanishdi. Markaziy bozor ishlamayotgandi. Markaziy kvartallardan birida kuchishlatar tuzilma xodimlari aholidan ko‘chaga chiqmaslik va 3 kishidan ko‘p to‘planmaslikni so‘ray boshlashdi.

Markaziy bozor yaqinidagi hudud bugungi kunda.

Ayni paytda markazda va shaharning boshqa tumanlarida odamlar yana to‘plana boshladi. Kuchishlatar tuzilma xodimlari borligi, tuni bilan eshitilib turgan portlash va o‘q otishlar ovozlari odamlarni to‘xtatib qololmadi.

«Hamma borganda, men qanday qilib chetda turishim mumkin?», — dedi ayrimlar. «Hammani hibsga ololmaydi», — deb ishonishardi boshqalar. Suhbatdoshlarning aytishicha, ular bir qancha qo‘shnilari va o‘tib ketayotganlar — yosh yigitlarni namoyishchilarga qo‘shilmaslikka ko‘ndirishgan.

Soat 11 lar atrofida bozor tomondan portlashlar va baqir-chaqirlar ovozi eshitila boshladi. Guvohlardan birining so‘zlariga ko‘ra, u oyog‘idan jiddiy jarohat olgan odamni ko‘rgan. U bozor yopiqligi uchun oziq-ovqat mahsulotlari uchun navbatda turgan bo‘lgan, shu vaqtda uning oyog‘iga — aynan qandayligi noma’lum — granata kelib tushgan.

Boshqa guvohning aytishicha, sumka bilan ketayotgan yoshi kattaroq erkak telefonini olib, o‘tib ketayotgan kuchishlatar tuzilma xodimlarini suratga olgan. Shundan keyin kimnidir buyrug‘i eshitilgan, forma va kaska kiyib olgan odamlar yugurib kelib, hammaning ko‘z-o‘ngida erkakni yerga yotqizib, dubinka bilan urishgan va avtobusga olib chiqishgan.

Kun o‘rtalariga kelib vaziyat avjiga chiqdi. Odamlar halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqidagi xabarlarni eshitib, rasmiylarning sukut saqlashi fonida yanada jahl otiga mingan edi. Faqat 1 iyul kechasi rasmiylar ayrim fuqarolar «konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilishi ortidan» markaziy bozor oldida «noqonuniy namoyishlarni uyushtirgani» haqida bayonot berishdi.

Kun davomida shovqinli granatalar va o‘q otishlar ovozlari eshitilib turdi. Qaynoq nuqtalardan biri aholi «gorotdel» deb atovchi Nukus ichki ishlar bo‘limi oldidagi ko‘cha bo‘ldi.


Iyulning ilk kunlarida Nukus ko‘chalarida yotgan maxsus vosita.

Yaqin masofada joylashgan xonadonlarda yashovchi aholiga ko‘ra, hibsga olinganlar ushbu bo‘limga olib kelingani uchun ham odamlar shu yerda yig‘ila boshlagan. Ularga gazli shashka va o‘q otish boshlangach, odamlar turar-joy kvartali, ko‘p qavatli uylar hovlilariga qarab qocha boshlagan.

«Ko‘z o‘ngimda bir odamning oyog‘iga granata kelib tushdi, u shunchaki parchalanib ketdi, qon otilib chiqdi», dedi guvohlardan biri.

Hibsga olishlar boshlandi. Ushlanganlar orasida tasodifan o‘tib ketayotganlar ham bor edi. Bir yigit avtobusda shunchaki velosipedda ketayotgani uchun olib ketilgan mast erkak bilan birga bo‘lganini so‘zlab berdi. «Undan juda yomon hid kelayotgandi, o‘zi esa ko‘proq velosipedi taqdiri nima bo‘lishidan xavotir olayotgandi», — dedi yigit.

Odamlar xavfsizlik kuchlaridan qochganlar qanday qilib uylarda va kvartiralarda boshpana topganligini so‘zlab berishadi. Kimdir qabristonlardan birida yashirindi. Hisbga olinganlarning qarindoshlariga zudlik bilan xabar berilmagan, avvalroq, biz odamlar yaqinlarini shifoxonalar va sud-tibbiy ekspertizasi markazi (morg)dan qidirgani haqida yozgandik.

«Gorotdel» yonidagi ko‘cha shaharning boshqa ko‘chalari kabi gilza va turli ko‘rinishdagi shashkalarga to‘lgandi. Aholining aytishicha, ularning farzandlari o‘sha kuni yig‘lashgan va hali ham olomondan qo‘rqishadi, baland tovushlardan esa seskanib ketishadi.

2 iyul kuni kechasi Nukusga prezident Shavkat Mirziyoyev uchib keldi. U respublika deputatlari bilan ko‘rishib, ularning o‘zlari Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish taklifini berishganini ta’kidlab, odamlarning noroziligi haqida xabar qilishlari kerakligini aytdi. «Qoraqalpoq xalqi norozi bo‘lsa, birorta modda ham hech qachon o‘zgarmaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Bu vaqtda esa Nukusning turli tumanlarida portlashlr va o‘q tovushlari hamon eshitilib turardi.

Nukus IIBdan uzoq bo‘lmagan chorrahadagi yongan shinalar izlari. Iyul oxiri.

Qurbonlar

Rasmiy tashkilotlar 4 iyul kuni Nukus voqealarida 18 kishi, shu jumladan, 4 nafar huquq-tartibot idoralari xodimlari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shu bilan birga 14 nafar vafot etgan fuqaroning 13 nafari mast holatda yoki narkotik modda ta’sirida bo‘lganligi aytildi. Keyinroq, yana 3 kishi o‘lgani xabar qilindi, shu tarzda halok bo‘lganlarning umumiy soni 21 taga yetdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb 300 kishi, shu jumladan, 40 nafar atrofida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari jarohat olgan. 149 kishiga birinchi yordam ko‘rsatilib, uyiga ruxsat berildi. 4 iyul kuni shifoxonalarda 94 kishi qolayotgani, 18 iyul kuni esa — 16 kishi borligi aytilgandi.

Markaziy bozor qarshisidagi Yernazar Alakoz ko‘chasi.

2 iyul kuni soat taxminan 23:00 lar atrofida «Gazeta.uz»ga Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining (RSHTYOIM) Qoraqalpog‘iston filiali bir sutka ichida 77 kishi halok bo‘lgani va 114 kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Markaz shuningdek, ularning orasida tutunli va shovqinli granatalar ishlatilgan bozor oldida tan jarohati olgan ayollar va bolalar ham bo‘lganini qayd etdi.

Bir necha marotaba Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lumotlarni so‘radik, biroq, ularni olishning imkoni bo‘lmadi. Keyinchalik RSHTYOIM filialida ham qurbonlar to‘g‘risidagi ma’lumotni tasdiqlashni istashmadi, buning o‘rniga faqat prokuratura ma’lumot berishini ta’kidlashdi. Respublika SSVdagi manbamiz o‘sha vaqtda aytilgan raqamlar haqiqatga yaqin ekanligini tasdiqladi. Shu bilan birga, u rasman e’lon qilingan raqamlar kamroq ekanligidan ajablandi. 5 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Vazirlar Mahkamasi Bosh prokuratura tomonidan ochiqlangan statistika to‘g‘ri ekanligini aytishdi.

Biz suhbatlashgan Nukus aholisi qurbonlar soni RSHTYOIM tomonidan aytilgan raqamdan ancha ko‘proqligiga ishonishmoqda.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, tartibsizliklar paytida namoyishchilarni tarqatish uchun faqat rezina o‘qlar, bo‘sh patronlar va maxsus vositalar ishlatilgan. Biroq, ko‘plab guvohlarning xabar qilishicha, halok bo‘lgan va yaralangan namoyishchilar hamda yaqin oradan tasodifan o‘tib ketayotgan odamlar orasida jangovar o‘qlar tekkanlar ham bor.

Odamlarning ishontirishicha, shaharda merganlar ham harakat qilgan. Bundan tashqari, maxsus vositalar ham odamlarning o‘limiga va jiddiy jarohatlar olishiga sabab bo‘lgan.

3 iyul kuni «Gazeta.uz» muxbiri Shuxrat Latipov Nukusga bordi. U jabrlanganlar va ularning yaqinlari bilan suhbatlashdi, ular ham merganlar va jangovar o‘qlardan jarohat olganlar haqida gapirishgandi. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u markazda bo‘lgan vaqtida «tez yordam» mashinasi jarohat olgan odamni keltirgan va tibbiyot xodimlari uni o‘qdan yaralanganini aytishganiga guvoh bo‘lgan.

Bir yosh yigitning so‘zlab berishicha, uning masjiddan qaytayotgan amakisining boshiga granata kelib tekkan. Erkak yaqinda uylangan bo‘lgan va uning ortidan kichkina farzandi qolib ketdi. «Bola qanday balog‘atga yetadi? Fanzandi otasi haqida so‘raganida onasi nima deb javob beradi?», — deb savol bilan yuzlanadi suhbatdosh.

Aholining aytishicha, halok bo‘lganlarning yaqinlaridan murdani berishdan oldin ularning qarindoshi mast holatda bo‘lganligi haqida tilxat yozib berishlarini talab qilishgan. Bu ma’lumotni tekshirishning hech qanday imkoni yo‘q, biroq, bu haqda deyarli barcha suhbatdoshlar gapirdi.

Shaharda hibsga olishlar davom etayotganini qayd etishdi. Namoyishlar qatnashchilarini telefonga, kuzatuv kameralari va dronlarga olingan yozuvlar orqali aniqlashmoqda. Tajimuratovning ko‘plab tanishlari olib ketilgan. Hibsga olinganlarni kaltaklash va buning natijasida o‘lim holatlari kuzatilgani haqida xabar berishmoqda.

Yosh yigitlardan biri sinfdoshi namoyishlarda qatnashmagan bo‘lsa-da, ko‘chada yurgan payti ushlab ketilganini aytadi. Uning jasadini esa o‘ralgan holda qaytarishdi. Ota-onasiga esa uning shaxsini tasdiqlash uchun faqat yuzini ko‘rsatishgan. Ular tanada jarohatlar borligini tekshirish maqsadida eksgumatsiyaga erishishga harakat qilmoqda.

Bunday hikoyalar ko‘p. Butun shahar taniqli quruvchi, Nukus masjidini bunyod etgan Madiyar Orazbayev o‘limini muhokama qilmoqda. Uni ham do‘sti va qo‘shnisi Ruslan Ibragimov kabi tergovga olib ketib, o‘lik holda qaytarishdi.

Aytishlaricha, bunday hollarda dafn marosimlarida faqat ikki nafar oila a’zosiga borishga ruxsat berilgan va dafn marosimi uchun juda qisqa vaqt ajratilgan.


Aeroport va vokzalni birlashtirib turuvchi Dosnazarov ko‘chasi. Iyul oxiri.

«XXI asrda bunday bo‘lishi mumkinligiga ishonmayman»

«XXI asrda bunday bo‘lishiga, bu kabi qo‘rquvni his qilish mumkinligiga hali ham ishona olmayapman» — bir xil gapiradi suhbatdoshlarim.

Mitingga chiqib yoki shunchaki ko‘chalarda bo‘lgan vaqtida odamlar ularni hibsga olishlari mumkinligi, tahdid qilishlari va kaltaklashlari, hatto ularga granatalar otishlarini tasavvur ham qila olmaganlar. Aholi odamlar bilan maslahatlashmaydigan va bir ovozdan ma’qullovchi deputatlar hamda xalq manfaatlari uchun xizmat qilishga chaqirilgan davlat idoralari va kuchishlatar tuzilmalar xiyonat qilishdi deb hisoblashadi.

«Qoraqalpog‘iston O‘zbekistondagi eng tinch joy edi. Endi menda kelajakka ishonch yo‘q. Men va tengdoshlarim Qozog‘istonga ketishni rejalashtirayapmiz», — dedi yosh yigitlardan biri.

«Odamlar otalari, o‘g‘illari, aka-ukalarini yo‘qotishdi. Endi ular qanday yashaydi? Ular endi odamlarni himoya qilishga chaqirilganlarga qanday munosabatda bo‘lishlari kerak? Endi bu yerda milliy kayfiyat qanday bo‘lishi mumkin?» — deb savol bilan yuzlandi boshqa bir suhbatdosh.

«Odamlarni kaltaklaganlar va bunda qatnashganlar kechalari qanday uxlashadi? Ular uyga qanday qilib oilasiga qaytishadi va farzandlarini bag‘riga bosishadi? Nahotki inson hayoti shunchalik qadrsiz bo‘lsa? Bolaligimizdan o‘qib kelgan barcha kitoblar bizni yaxshilik va yomonni farqlashga, insonparvarlikka, inson hayotining qadriyatlariga o‘rgatadi», — deya nola qildi u.

Bu kabi savollar Qoraqalpog‘iston xalqida juda ko‘plab topiladi. Ular bunga javob ololishadimi? Hattoki o‘zining yo‘qotishlari haqida anonim tarzda so‘zlab berishdan qo‘rqishayotgan onalar va otalar adolatga erisha oladimi?

Odamlar namoyishlar paytida provokatsiyalar bo‘lganligi, kimdir vaziyatni avj oldirish uchun vaziyatdan foydalangan bo‘lishi mumkinligini istisno qilmaydi. Suhbatlar davomida 2 iyul kuni Milliy gvardiya postiga hujum uyushtirilgani o‘z tasdig‘ini topdi. Hibsga olinganlar saqlanayotgan binolarga kirishga urinishlar ham sodir bo‘lgan.


Tergov hibsxonasining darvozasi va kirish yo‘lagidagi olov izlari. Foto: Ombudsman ofisi.

Odamlar mashina yukxonasidan «Molotov kokteyli»ni tarqatayotgani aks etgan video dalillar ham mavjud. Odamlar BTRni to‘xtatib, uning ichidagi Mudofaa vazirligi harbiylarini kaltaklashganining isboti ham bor. Kaltaklangan harbiylar tasvirlangan videolar e’lon qilingandi.

Odamlar kuchishlatar tuzilmalar xodimlariga tosh otgan, ularni kaltaklagan yoki o‘q otgan hamda haqoratlagan shaxslarni qo‘llab-quvvatlamayapti. Biroq, ular ko‘chalarga chiqqanlarga qarshi kuch ishlatish haddan tashqari chora deb hisoblashadi.

Ayrim odamlar o‘zi uchun o‘sha voqealarda vafot etganlarning ro‘yxatini: ismi, tug‘ilgan sanasi, qanaqa jarohati bo‘lganligini tuzib chiqmoqda.

«Ro‘yxatlar tuzilishi kerak, ular shunchaki bo‘lishi lozim, bu bizning burchimiz», — deyishmoqda ular.

«2022 yilning 1−2 iyul kunlari xotiralarda qolishi, undan o‘chirilmasligi kerak. Bu kunlarda odamlar yagona xalq ekanligini tushunib yetishdi. Bunga qadar ular qo‘shnisinikida nimadir bo‘layotgan bo‘lsa ham kirmas edilar, biroq, hozir bu o‘zgardi. Bu esdan chiqishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», — deb hisoblaydi mening suhbatdoshim.


Nukus markazida qad rostlagan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston bayroqlari.

Odamlar yana nimalar deyapti?

Bayroq. Fojia yuz bergan kunlarda odamlar birligi ramzlaridan biri Qoraqalpog‘iston bayrog‘i edi. Uni mashina, uy va ofislarga o‘rnatish uchun xarid qila boshlashdi. Iyul oyi boshidagi voqealardan so‘ng darhol Toshkentdagi sotuvchilardan Qoraqalpog‘iston bayroqlarini sotmaslik talab etilgani haqida ma’lumot bor.

Odamlar nimaga shinalarni yoqishdi va barrikadalar o‘rnatishdi? Ayrim aholi vakillarining versiyasiga ko‘ra, bu maxsus vosita va qurol-yarog‘ olib kelishi mumkin bo‘lgan fuqarolik mashinalarining o‘tishiga to‘sqinlik qilish uchun qilingan. «Ko‘plab mashinalar gazda yuradi va haydovchilar olov ustidan haydab o‘tmas edi». Odamlar mashinalarni to‘xtatib, ularda nima olib ketishayotganini tekshirishgani aytilmoqda.

Tajimuratovga nisbatan munosabat. Ba’zilarning aytishicha, unga munosabat biryoqlama emas: «50 ga 50». Kimlargadir uning alohida bir bayonotlari yoqmagan. Lekin uni odamlarga yordam bergani, maishiy va yuridik muammolarga yechim topishga erishgani uchun ham tanishgan.

Buyoqmi yoki qon? Ko‘cha qizil rangli suyuqlikka to‘lgani aks etgan videoyozuvlar tarqalgach, rasmiylar bu qon emas, balki odamlarni tarqatish uchun suvga qo‘shilgan buyoq ekanligiga ishontirishdi. Ko‘plab aholi vakillari bu qon emasligiga ishonishmaydi. «Agar u buyoq bo‘lsa, nimaga tezda yuvilib ketdi?», — deb so‘rashmoqda ular. Ayrim lavhalarda suv purkovchi mashina (vodomyot)ni ishlatishda oddiy suvdan foydalanilgani aks etgan. Biz ko‘chalarning 4 iyul kungi holati suratlarini e’lon qilgandik.

Internet. Respublikada hanuz internet kechki soat 10−11 dan ertalabki 9−10 gacha o‘chirilmoqda. Yakshanba, 24 iyul kuni uni kechki 5 da o‘chirishdi.

«Odamlar kechasi bekorchi ishlar bilan shug‘ullanmasliklari uchun», — nukusliklar hazil qilishga o‘zida kuch topa olishayapti. Ular shuningdek, ko‘plar bunga qadar gaplashmagan qo‘shnilari bilan vanihoyat tanishib olganini hazil qilib aytishayapti.

Odamlar ikki haftalik uzilishlardan so‘ng, 18 iyul kuni internet bir soatga yoqilishi bilan hattoki marshrutka haydovchilari mashinalarini to‘xtatib, telefonga sho‘ng‘ib ketishganini esga olishdi. Rasmiylar qachon internet to‘la-to‘kis ishlab ketishi haqida ma’lumot berishgani yo‘q.