O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining vazirlik tizimida birinchi yarim yillikda davlat xaridlari sohasida 36,1 mlrd so‘mlik 1106 ta huquqbuzarlik holati aniqlangani haqidagi xabarini inkor etdi.

«Agentlikning xabarida bayon etilgan holatlar Mudofaa vazirligi budjet mablag‘lariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan „Xarbiy savdo“ korxonalarining 5 yillik faoliyati davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardir», — deyiladi Mudofaa vazirligi xabarida.

Keyinchalik korrupsiyaga qarshi kurash agentligi telegram kanalidagi ma’lumotlarni tahrirlab, ulardan Mudofaa vazirligiga oid raqamlarni olib tashladi.

Agentlik xabarida aytilishicha, olti oy davomida davlat xaridlariga oid qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan jami 10 ta vazirlik, idora va tashkilotlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda 1143 ta holatda 48,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan.