O‘zbekistonlik professional bokschi Elnur Abduraimov (10−0, 9 KO) payshanba kuni Kaliforniyada bo‘lib o‘tgan Golden Boy Promotions boks shousida ishtirok etdi.

Uning raqibi 25 yoshli meksikalik Leonel Moreno (11−2, 9 KO) — o‘tmishda asosan debyutantlar yoki yomon ko‘rsatkichli (5−14 yoki 3−26) raqiblar bilan uchrashgan sportchi bo‘ldi.

Jang juda tez yakunlandi. Dastlabki soniyalardanoq Elnur holatni o‘z nazoratiga oldi va ring bo‘ylab raqibini ta’qib qildi. Meksikalik o‘zini juda passiv tutdi, ba’zida zarbalarini ham susaytirdi.

Birinchi raund boshlanganidan bir daqiqa o‘tib, Elnur Abduraimov aniq hujum uyushtirdi va chap tomondan raqibining jigar qismiga zarba berdi. Raqib egilib, o‘ziga kelolmadi.

Jang natijasida o‘zbekistonlik bokschi bo‘sh qolgan IBF North American kamari sohibiga aylandi.