25−31 iyul kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida o‘tkazilayotgan erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar bittadan oltin, kumush va bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Aytjan Xalmaxonov 51 kg vazngacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etib, finalda eronlik Muhammadrizo Golamini mag‘lub etdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonlik yana bir atlet Shaxzod Ro‘zioxunov 45 kg vazngacha bo‘lgan polvonlar bellashuvlarida qatnashib, finalda ukrainalik Yevgeniy Pokovbaga imkoniyatni boy berdi va jahon chempionatining kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Xurshidbek Normuhammadov esa 55 kg vazngacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi kurashlarda gruziyalik Saba Surmanidze bilan birgalikda bronza medalini qo‘lga kiritdi. Mazkur vazn toifasida hindistonlik Suraj Suraj oltin, Ozarbayjon vakili Faraim Mustafayev kumush medaliga ega bo‘ldi.

Chorshanba kungi bahslardan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi umumiy reytingda uchta medal bilan 4-o‘rinda bormoqda. Yunon-rum kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 37 mamlakatdan kelgan atletlar medallar uchun kuch sinashmoqda.