Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda uchta hududda o‘qishga kiritib qo‘yish va o‘qishni ko‘chirib berishga uringanlikda gumonlangan fuqarolar qo‘lga olindi.

Chilonzor tumanidagi holatda «R.C.» MCHJ tasischisi va rahbari S.K. fuqaro M.ni go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali 10 000 AQSh dollari evaziga Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Kelishilgan puldan 5000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi holat Sirdaryo viloyatida ham qayd etildi. Fuqaro O.U. boshqa bir fuqaro A.ni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Guliston davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 5000 dollarni olgan vaqtida qo‘lga olindi, deyiladi xabarda.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Samarqand davlat chet tillar institutida tyutor vazifasida ishlovchi Sh. T. ushlandi. U fuqaro F.ni 3500 dollar evaziga qo‘shni Qozog‘istondagi OTMning 1-kursini tugatganligi to‘g‘risida hujjat tayyorlab berish orqali institutning 2-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishga kelishgan. Gumondor oldindan 2000 dollarni olganida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Yangihayot tumanida ham yuqoridagi kabi holat sodir bo‘ldi. Fuqaro J.S. boshqa bir fuqaro P.ni tanishlari yordamida qo‘shni Qozog‘istondagi universitetning 2-kursini tugatganligi to‘g‘risida hujjatlarni tayyorlab berishiga ishontirgani aytilmoqda. Gumonlanuvchi shu orqali Toshkent shahridagi universitetlarning biriga 3-kursiga kiritib qo‘yishni va’da qilgan, buning evaziga oldindan kelishilgan 2500 dollarni olganida ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.