Prezident 25 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

Farmon bilan Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etildi.

Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.

Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan 1 sentabrdan boshlab davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lanadi. Bunda, xodimning ish stajida 1 oygacha bo‘lgan tanaffuslar mavjud bo‘lsa ushbu tanaffuslardan oldingi va keyingi oylar ketma-ket ish stajini hisoblashda qo‘llaniladi.

Kelgusida davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha beriladigan nafaqalar «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali bosqichma-bosqich to‘lanadi.

Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga davlat tomonidan to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi miqdori — 2 million so‘mni tashkil etadi.

Mazkur o‘zgarishlar haqida prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq, aprel oxirlarida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tgandi. Nafaqani to‘lash uchun Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga joriy yilda budjetdan 170 mlrd so‘m ajratilishi belgilangandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident 1 mart kuni o‘tkazgan yig‘ilishida ham homiladorlik nafaqasini to‘lamaslik uchun tadbirkorlar ayollarni ishga olmasligini tanqid qilgandi. O‘shanda homiladorlarga ham 4 oyga 2 mln so‘m miqdorida bir martalik homiladorlik nafaqasi to‘lab berilishi aytilib, shu maqsadlar uchun budjetdan 2022 yilda 200 mlrd so‘m, 2023 yilda esa 1,7 trln so‘m yo‘naltirilishi ma’lum qilingandi.