O‘zbekistonda ayrim bank kassalari va bankomatlaridan, va valyuta hisobvarag‘idan naqd pul yechib olishda karta raqamidan kelib tushgan pul mablag‘laridan komissiya joriy etish boshlandi.

Xususan, 27 iyuldan boshlab «Kapitalbank» Visa xalqaro plastik kartalaridan kassa va terminallar orqali naqd valyuta yechib olish uchun 0,7 foizlik komissiya joriy qilgan bo‘lsa, «Ipak yo‘li» banki 28 iyuldan bu 1 foiz miqdorida bo‘lishini ma’lum qildi.

«28 iyuldan e’tiboran naqd xorijiy valyuta muomalasini tartibga solish maqsadida „Ipak Yo‘li“ banki Visa/Mastercard/UnionPay kartalaridan „Ipak Yo‘li“ banki kassalari va bankomatlaridan, valyuta hisobvarag‘idan naqd pul yechib olishda, „Ipak Yo‘li“ banki tizimi ichida mijozning karta raqamidan kelib tushgan pul mablag‘laridan 1% miqdorida komissiya joriy etish to‘g‘risida vaqtinchalik qaror qabul qilingani haqida xabardor qilamiz», — deyiladi «Ipak Yo‘li» izohida.

Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur holatga munosabat bildirib, pul, ayniqsa spekulyativ pul huddi suyuqlik singari ekani, doim o‘ziga o‘zanlar, oqim va kanallar qidirib topa olishini yozib qoldirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan haftada qator banklarda xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha muammolar kuzatila boshlagach, spekulyantlar naqd valyuta yechib olish uchun asosiy urg‘uni xalqaro plastik kartalarga qarata boshlashdi.

«Chunki banklar pul o‘tkazmalari va ayirboshlash shoxobchalari orqali naqd valyuta berishda qiyinchiliklarga duch kela boshlagan bo‘lsada, xalqaro plastik kartalardan naqd valyuta yechishga hech qanday cheklov va komissiyalar o‘rnatishmagandi. Tabiiyki, spekulyantlar endi bu tekin lazeykadan foydalanishga o‘tishdi. Endi buyog‘iga komissiya to‘lash kerak bo‘ladi», — dedi u.

Uning fikricha, boshqa bosimga duch kelayotgan banklar ham xalqaro plastik kartalardan naqd valyuta yechish uchun komissiya o‘rnata boshlashi mumkin.