Prezident 27 iyul kuni «Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e’lon qilindi.

«Business.gov.uz» yagona interaktiv portalini quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portaliga aylantirildi. Mazkur taklif biznes-ombudsman ofisi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan bildirildi.

Portal quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tematik onlayn muhokamalar va so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish;
  • qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik subyektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish;
  • tadbirkorlik subyektlari uchun zarur bo‘lgan xizmatlardan foydalanish, shu jumladan, litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona ma’muriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish.

2022 yil 1 avgustdan portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:

  • tadbirkorlik subyektlari;
  • Savdo-sanoat palatasi huzuridagi «Sall-markaz» xizmati;
  • Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil — tadbirkorlardan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida;
  • mahallalardagi hokim yordamchilari. Bunda, hokim yordamchilari tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini mahallaning o‘zida ko‘rib chiqish va hal etish choralarini ko‘radi, mahalla darajasida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lmagan murojaatlarni portalga kiritadi;

Portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan (murojaatda vakolatli organ ko‘rsatilmaganda) tegishli vakolatli organlarga ko‘rib chiqish va hal etish uchun yo‘naltiriladi.

Vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqadi hamda natijalari to‘g‘risida axborotni portalga kiritadi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil:

  • portalga kiritilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat o‘rnatadi hamda qonunbuzilish holatlari bo‘yicha tegishli ta’sir choralarini qo‘llaydi;
  • Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi hamda SSP bilan birgalikda murojaatlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga har oyda takliflar kiritib boradi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 101 ta shtat birligi miqdorida belgilandi va ularning qo‘shimcha 15 ta shtat birligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantiriladi.

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar portal mazkur farmon talablariga muvofiq takomillashtirilishi va «Elektron hukumat» tizimining idoralararo platformasiga integratsiya qilinishini, shuningdek, portalning Mobile-ID tizimi orqali identifikatsiyalash imkoniyatiga ega mobil versiyasi yaratilishini ta’minlaydi.

Moliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq 2022 yil 1 sentabrga qadar 2022 yil uchun Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi mablag‘larini shakllantirish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘larni maqbullashtirish hisobiga portalni takomillashtirish, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi «Sall-markaz» xizmatini moliyalashtirish, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining faoliyatini takomillashtirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘lar ajratilishini ta’minlaydi.

Bunda, 2023 yildan boshlab portaldan foydalanish va Savdo-sanoat palatasi huzuridagi «Sall-markaz» xizmati faoliyati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.