Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida juda ko‘p miqdordagi xorijiy valyutani noqonuniy ravishda qo‘shni davlatga olib chiqilishining oldi olindi, deya xabar qildi DXX axborot xizmati.

Xususan, Farg‘ona tumanida yashovchi, T. J. (1985 y.t.) Qo‘qon shahrida hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan fuqarodan 152 ming 663 AQSh dollarini olib, Qirg‘izistonga o‘tkazish maqsadida Farg‘ona tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan R. R.ga (1977 y.t.) yetkazib berish uchun ketayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Shuningdek, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasiga yaqin bo‘lgan Farg‘ona tumanining Mindon qishlog‘ida kutib turgan R. R. ham ushlangan.

Boshqa bir holatda esa Farg‘ona tumanida yashovchi, M. Sh. (1992 y.t.) Farg‘ona shahrida fuqaro A.T.dan 140 ming 54 AQSh dollarini olib, Qirg‘izistonda istiqomat qiluvchi shaxsga yetkazib berish maqsadida «Farg‘ona-Vodil» yo‘nalishida davlat chegarasi tomon harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, A.T. ham qo‘lga olindi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq DXX hamda bojxona qo‘mitasi xodimlari 90 ming dollarni Tojikistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan ayolni to‘xtatib qolgan edi. U chegaradan pulning bir qismini avval oyoq kiyimlari ichiga, keyingi safar egnidagi kiyimlari orasiga yashirgan holda o‘tmoqchi bo‘lgan.