Mushfiq Kozimiy (1904−1978, ayrim manbalarga ko‘ra 1887 yil tug‘ilgan) Eron zamonaviy adabiyotining asoschilaridan biri, undagi ilk ijtimoiy-realistik roman muallifi hisoblanadi. 1922 yilda yozib tugallangan hamda 1924 yilda ilk bor ikki tomli kitob holida nashr ettirilgan «Qo‘rqinchli Tehron» 1920 yillarning Eron adabiyotini butunlay yangi o‘zanga burib yuborgan asarlar sirasiga kiradi.

Bugun biz, bundan roppa-rosa 100 yil ilgari yaratilganligiga qaramay, sizdirilgan g‘oyalari haligacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan ana shu o‘lmas asarga murojaat qilishni lozim topdik.

«Qo‘rqinchli Tehron» asari Eronning XX asr boshlaridagi qo‘rqinchli, ayanchli tarixi haqida so‘zlaydi. Asarda hamma narsa: mamlakatdagi (xususan, Tehrondagi) ijtimoiy-siyosiy vaziyat, milliy ozodlik harakatlari, siyosiy ziddiyatlar-u ijtimoiy turmushdagi tengsizlik va qarama-qarshiliklar, diniy mutaassiblik va, albatta, (bizga tanish) sevgi-muhabbat mojarolari quyuq bo‘yoqlarda aks ettirilgan.

Asarda, ayniqsa, jamiyatdagi ayollarga bo‘lgan munosabat, zulm va jinsiy zo‘ravonlik masalalari, shaharda avj olgan qo‘shmachilik, ayollar orasidagi axloqsizlik va buzuqlik, ularning asl kelib chiqish sabablari (ehtimol, eng birinchilardan bo‘lib) qalamga olinganligi keng, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Asar voqealari bo‘lib o‘tgan 1916−1921 yillarda Eron hukumati Angliya va Rossiya ta’siri ostida, yarim mustamlaka holatida edi. Johil amaldorlar o‘z huzur-halovatidan boshqa narsaning tashvishini qilmas, xalqning turish-turmushi, mamlakatning taqdiri bilan qiziqmas edilar. Bu ham yetmagandek, mamlakatda «din peshvolari» o‘zlarining dindan butunlay yiroq bo‘lgan mutaassib qarashlarini nafaqat avomga, balki davlat xizmatchilariga ham singdirib, zarur paytda shaxsiy manfaatlari yo‘lida dinni qurol qilib, jamiyat manfaatlarini qurbon qilishdan tap tortmasdilar.

Bir so‘z bilan aytganda, davlat xazinasidan tortib oddiy dehqonning topgan-tutganigacha — mamlakatning milliy boyligi — tashqaridan kelgan va mahalliy o‘g‘rilarning cho‘ntaklarini qappaytirish-u ularning aysh-ishratidan boshqa narsaga xizmat qilmasdi.

Oqibatda, na qonunga, na Qur’onga amal qilinmaydigan bu jamiyatda jaholat botqog‘iga borligicha botib bo‘lgan g‘ofillarni u botqoqdan qutqarishning ham, g‘aflat uyqusidan uyg‘otishning ham imkoni qolmadi.

Tabiatda jonivorlar bir-biri bilan oziqlanib — kattasi kichigini, kuchlisi kuchsizini yeb kun kechiradi. Uning muvozanati shunda. Dunyoda shunday katta, kuchli va bir qadar «aqlli» davlatlar borki, ular ham o‘zlaridan kichik yoki kuchsiz bo‘lgan davlatlarni «yeyish» hisobiga muvozanat o‘rnatmoqchi bo‘lishadi. Qaysidir davlatlar yo noilojlikdan, yo kuchsizlikdan, yo nodonlikdan, yo o‘z tabiiy boyliklari hisobini bilmaganliklaridan jilovlarini kuchlilar qo‘liga o‘z qo‘llari bilan topshirishlari hech kimga sir emas. Eron ham shunday davlatlar ta’siriga tushadi — buning zararini esa xalq ko‘rdi.

Jamiyatda manfaatlar bir bo‘lmasa, hamma o‘z tomoniga tortib, taraqqiyot degan narsani ildizi bilan qo‘porib tashlashi mumkin.

Amaldorlarning vazifasi nima? Mamlakatning taraqqiyotiga, xalqning manfaatiga xizmat qilish, og‘irini yengil qilish, jamiyatni dardiga shifo topish emasmi?! Na aqli, na jismi, na ruhi, na fikri, na e’tiqodi sog‘lom bo‘lmagan odamlar hech qachon boshqalarning dardiga malham qo‘yolmaydi.

Asarda Farrux, Mahin, Iffat, Ashrafxon, Siyovush, Javod hamda Mahinning ota-onasi obrazlari alohida o‘rin tutadi.

Farrux va Mahin obrazlari otashin muhabbatdan tashqari mamlakatdagi bo‘g‘ilgan маърифатга ishora ham.

Jamiyatda ayolning o‘rni (yoki o‘rinsizligi), haq-huquqi (yoki unga nisbatan haqsizliklar) va ayolga bo‘lgan munosabat (agar shunday atash mumkin bo‘lsa) Iffat obrazida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ashrafxon va Siyovush obrazlari ayni davrda ularning yoshidagi avlod vakillarining salbiy ma’nodagi yuzi — mansab, davlat, ishrat yo‘lida oriyati, hasmi-halolini ham pullaydigan pastkash, jirkanch kimsalar.

Javod — Tehronning janubiy qismida yashovchi, ochlik va muhtojlikdan, chorasizlikdan bir non puli uchun jinoyatga ham tayyor ezilgan xalq vakili.

Mahinning otasi — o‘z obro‘-e’tibori uchun qizini bozorga solishdan or qilmaydigan ota(lar) qiyofasida.

Mahinning onasi… (onalar haqida yozgim yo‘q).

Asarda insonning nafsi yo‘lida hayvondan battar qiyofaga kirishi, g‘ofilligi, ilmsizligi, o‘z haq-huquqini bilmasligi, fikrsizligi orqasidan qay darajada botqoqqa botishi, tanazzulga yuz tutishi mumkinligi judayam keskir tilda yozilgan. Asar tarixiy faktlar va hodisalar asosiga qurilgani holda badiiy to‘qimalardan o‘z o‘rnida foydalanilgan. Faqat bo‘yoqlar quyuqlashib, mubolag‘a me’yordan oshgandek; ba’zi o‘rinlarda muallif tilidan xuddi ertak eshitayotgandek bo‘lasiz, ayniqsa, asarning birinchi qismida zodagonlar suhbatlari («Alhamdulillohki, barchamiz savodsizmiz», Mahinning otasi tilidan).

Asar uslubi va mazmuni jihatidan Abdulla Qodiriy va Xolid Husayniy asarlariga uyg‘unlik sezish mumkin. Turli davrlarda yashagan bu ijodkorlarning har qaysisi ma’rifatdan yiroq millatining qayg‘usi bilan yashaydi.

Darhaqiqat, mamlakat rahbari kimlarningdir qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lar ekan, amaldorlar xalq manfaati yo‘lida birlashmas ekan, hukumatning so‘zi bilan ishi bir bo‘lmas ekan, dindan turli maqsadlarda qurol sifatida foydalanilar ekan, ilm-fan yo‘lidagi to‘siqlar olinmas ekan, bunday mamlakat erksizlikka, qoloqlikka mahkum. Inson omili «sifatiga» sarmoyadan qochgan davlat har qanday miqdor va sifat ko‘rsatkichlarida boshqalardan orqada qolaveradi.

Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, «Gazeta.uz» kolumnisti.