O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Toshkentda o‘tkazilayotgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyadagi ma’ruzasida Afg‘onistonning xorijdagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash muhim ekanligini ma’lum qildi. Bu haqda Dunyo AA xabar bermoqda.

«Afg‘onistonning xorijdagi moliyaviy aktivlariga qo‘yilgan cheklovlarning olib tashlanishi afg‘on iqtisodiyotini tiklash, muhim infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda bugungi kunda ushbu do‘st mamlakat xalqi oldida turgan o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishning asosiy omillaridan biridir», — dedi Vladimir Norov.

Avvalroq, TIV rahbari Afg‘oniston hukumati oldida turgan muhim vazifalarni sanab o‘tgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «inklyuziv hukumat tuzilishi, xotin-qizlar huquqlari ta’minlanishi, afg‘onlar maktab ta’limiga qabul qilinishi — afg‘on xalqi uchun tinch kelajak kafolatidir».

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 11 sentabrida o‘tgan SHHT sammitida prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi gumanitar vaziyatni hisobga olgan holda xorij banklaridagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qildi. Gap avgust o‘rtasida «Tolibon» qo‘liga tushmasligi uchun AQSh tomonidan muzlatilgan Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollarlari haqida ketmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel holatida Afg‘oniston Markaziy banki 9,4 milliard dollarlik zaxira aktivlariga ega bo‘lgan, bu mamlakatning yillik ishlab chiqarish hajmining uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Zaxiralarning aksariyati hozirda Afg‘onistondan tashqarida, deydi WP manbalaridan biri.

Mamlakatdan qochgan Afg‘oniston Markaziy banki boshqaruvchisi v.b. Ajmal Ahmadiy «Tvitter»da tasdiqlaganidek, Markaziy bank rahbari sifatida u mamlakatga Amerika valyutasini yetkazib berish to‘xtatilganligi to‘g‘risida xabarnoma olgan va bu haqda prezident Ashraf G‘aniga ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston Markaziy bankining deyarli barcha zaxiralari chet elda joylashgan va ular qariyb 9 milliard dollarni tashkil qiladi. Eng katta qismi — 7 milliard dollar — Federal zaxira tizimi (Markaziy bank vakolatlarini bajaradi) hisoblarida. Ulardan 3,1 milliard dollari AQSh hukumati obligatsiyalariga tikilgan, 2,1 milliard dollari Jahon bankining Maslahat xizmatlari va zaxiralarni boshqarish dasturidagi (RAMP) aktivlar, 1,2 milliard dollari oltin va atigi 300 ming dollari naqd pul shaklida. Yana 1,3 milliard dollar xalqaro hisoblarda saqlangan.