21 iyul kuni Toshkentda fuqaro 4 yaqinini pichoqlagani gumon qilinmoqda. «Markaziy studiya» ko‘rsatuvida efirga uzatilgan lavhada aytilishicha, qotillik Chilonzor tumani 7-dahasida joylashgan 21-uyda sodir bo‘lgan.

Tuman prokuraturasi va IIB voqea joyiga yetib borib holatni o‘rgangan.

Chilonzor tumani Prokuraturasi katta tergovchisi Otabek Bekiyevning ma’lum qilishicha, 1989 yilda tug‘ilgan shaxs turmush o‘rtog‘i bilan kelib chiqqan ziddiyatda xotini, 7 yoshli farzandi, qaynonasi va qaynopasiga o‘tkir tig‘li oshxona pichog‘i bilan bir necha marta tan jarohati yetkazgan.

Jarohatlanganlar o‘sha kuni 21:30 lar atrofida Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy markaziga olib kelingan va operatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, 4 nafar bemor ham og‘ir ahvolda bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida 4 ta brigada operatsiyani amalga oshirgan.

O‘sha vaqtda aniqlanishicha, bir bemorning ko‘krak qafasi shikastlanishi natijasida o‘pkasi yirtilgan. Ikkinchi bemorning esa ichaklari kesilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirgi vaqtda bemorlarning ahvoli barqaror, stabillashgan. Ijobiy tarafga o‘zgarish bor, deya ta’kidladi u.

4 kishiga shikast yetkazgan shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «a» bandi (ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Agarda uning jinoyati o‘z tasdig‘ini topsa, fuqaro o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilishi mumkin.