Andijonlik tadbirkor, Rash Milk sut zavodi hammuassisi Rahmiddin Mirzayev 46 yoshida vafot etdi. U o‘z joniga qasd qilgan, deb xabar berdi «Gazeta.uz»ga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, tadbirkor 25 iyul kuni soat 16:40 larda Shahrixon tumanidagi o‘z uyining bog‘ida osilgan holda topilgan.

Tadbirkorning o‘z joniga qasd qilish sabablari hozircha noma’lum. Hodisa yuzasidan Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Rahmiddin Mirzayev Rash-Milk Plus, Karakalpak Sement, Smes Stroy Savdo va boshqa kompaniyalarning asoschilaridan edi.