O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Abdulaziz Kamilov 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida ushbu davlat muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Bugun bunday masala yo‘q edi (yaqin kelajakda Tolibon hukumatini tan olish haqida — tahr.). Lekin menimcha, bu tendensiya, birinchi navbatda, hukumat bilan munosabatlarni normallashtirish nuqtai nazaridan ijobiy. Ya’ni munosabatlarning normallashuvi keyinchalik tan olinishga yo‘l ochadi», — dedi Abdulaziz Kamilov.

«Bugun tan olish bilan bog‘liq ko‘plab masalalar muhokama qilindi. Afg‘oniston delegatsiyasi rahbari [Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri vazifasini vajaruvchi Amir Xon] Muttakiy ochiqchasiga aytdi: Men barcha savollarni, hatto bu yerda aytilgan barcha shikoyatlarni ham yozib oldim, buni rahbariyatim bilan muhokama qilaman» , — dedi maxsus vakil.

«Va, albatta, biz umumiy til topishga harakat qilamiz. Bu o‘zaro ishonchni mustahkamlash nuqtai nazaridan katta qadam bo‘lib, busiz tan olish masalasi ham bo‘lmaydi», — deya ishontirdi diplomat.