Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasida yangi loyihani ishga tushirmoqda. Bu haqdagi hujjat 26 iyul kuni FAO submintaqaviy koordinatori Viorel Gucuning tashrifi chog‘ida imzolandi, deya xabar berdi O‘zgidromet matbuot xizmati.

Loyiha «O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlarni va ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kuzatish bo‘yicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish bo‘yicha salohiyatni oshirish» deb nomlanadi. U Global Ekologik Jamg‘arma (GEF) tomonidan moliyalashtiriladi va iqlim o‘zgarishi tahdidiga global javob choralarini kuchaytirishga qaratilgan Parij kelishuvi doirasida yangi kengaytirilgan shaffoflik asosiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishda O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida FAO`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimini ishlab chiqadi.

Atmosferadagi karbonat angidridni kamaytirish maqsadiga erishish uchun har bir mamlakat iqlim bo‘yicha individual majburiyatlarni ishlab chiqdi, ular milliy miqyosda aniqlangan hissalar deb nomlanadi. Parij kelishuvida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va mamlakatda iqlim o‘zgarishiga moslashishni boshqarish bilan bog‘liq qoidalar ham mavjud.

«Kengaytirilgan shaffoflik doirasidagi ishtirok va muntazam hisobot berish hukumatlarga iqlim bo‘yicha o‘z harakatlarini yaxshiroq baholash va rejalashtirish imkonini beradi. Bu asos issiqxona gazlari chiqindilari, emissiyalarni kamaytirish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga moslashishda erishilgan yutuqlar bilan bog‘liq ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlaydi», — deya tushuntirish berdi O‘zgidromet.

O‘zbekiston 2017 yil 19 aprelda Parij bitimini imzolagan va 2018 yilning noyabrida uni ratifikatsiya qilgan. Hujjatni imzolash orqali O‘zbekiston boshqa davlatlar qatori dunyoda o‘rtacha global haroratning oshishini Selsiy bo‘yicha 2 darajadan ancha past darajada ushlab turish majburiyatini oldi. O‘zbekistonning «Milliy miqyosda belgilangan hissasi» 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga kamaytirish hamda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirib, moslashish salohiyatini oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishni belgilaydi.

O‘zgidromet iqlim o‘zgarishi va Parij kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi tashkilot sifatida mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyatlari bo‘yicha hisobot berishi uchun mas’uldir.