O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Komil Ismoilovich Allamjonov O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Yangi tashkil etilgan ushbu lavozimda u jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosatiga mas’ul bo‘ladi. O‘z navbatida, prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari — prezident matbuot kotibi lavozimi ham saqlab qolinadi.

Komil Allamjonov (1984 y. t.) O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti (2006) va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (2010) bitiruvchisi.

2020 yil yanvar oyidan buyon u Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ungacha esa 2019 yil fevralidan prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori lavozimida ishlagan.