Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom bog‘i 1 sentabr kuni ochilishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.

Bog‘ hududida olib borilayotgan ishlar Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining doimiy nazoratida ekanligi ta’kidlandi. Ularning o‘rganish natijalariga ko‘ra, bugungi kunga kelib, bog‘ni 49 yilga ijaraga olgan BMP Smart Decision Private Limited xorijiy kompaniyasi tomonidan bog‘ hududida rekonstruksiya qilish, bino inshootlarini qurish va xorijdan olib kelingan attraksionlar hamda o‘yin qurilmalarini o‘rnatish ishlari olib borilmoqda va shu maqsadda 71 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan.


Kompaniya rahbari Otabek Mirzajonov «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, 1 sentabr bu eng oxirgi muddat va bog‘ avgustda ochilishi rejalashtirilmoqda.

«Biz avgustda ochilmoqchimiz. Baribir u sinov tariqasida ochiladi. To‘laqonli ochilish esa sentabr oyi etib ko‘rsatilgan», — dedi u.

Tadbirkor ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan parkni boshqa kompaniya boshqaruviga o‘tkazish haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Ha, [bog‘ BMP boshqaruvida]. Agar biz boshqa [kompaniya]ga berib yuborsak, qurilish ishlari yana 2−3 yilga cho‘zilib ketadi… Biz bir yildan beri atrraksionlarni kutayapmiz, ular yil davomida tayyorlanadi. Hozir boshqaga berib yuborish kimga kerak?», — dedi u.


Otabek Mirzajonov «hozirgi kunda yig‘ilgan va sozlanayotgan» attraksionlarni o‘rnatish texnologik jihatdan qiyinligini ta’kidladi.

«Ikkita yo‘lni qilish qoldi, yashil chimlar va attraksionlarni o‘rnatib bo‘ldik. Shu bilan bo‘ldi. Ko‘l qayta tiklandi», — dedi BMP vakili.

Fevralda BMP Smart Decision Management vakili bog‘ni 2022 yilning yozida ochish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaga 4 mln dollar sarmoya kiritilgan. Avvalroq, Toshkent hokimi Jahonshir Ortiqxo‘jayev investitsiya majburiyatlarini bajarmagani uchun tanqid qilgandi.