Humo va Uzcard to‘lov tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish jarayoni ayrim qiyinchiliklar bilan davom etmoqda. Bu haqda 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Milliy banklararo protsessing markazi (Humo) va Yagona respublika protsessing markazi (Uzcard) hozirda eksperiment sifatida terminallarni har ikkala to‘lov tizimidagi kartalarni qabul qilishlari uchun unifikatsiya qilish ustida ishlamoqda. Keyingi bosqichda bankomatlarni integratsiyalash rejalashtirilgan.

Markaziy bank rahbari Humo`da ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan ko‘plab to‘lov operatsiyalari mavjud bo‘lib, ulardan komissiya undirilmasligini ta’kidladi.

«Bu [jarayon] birmuncha qiyin ketyapti… Chunki, qiyin degani nima uchun — xususiy kompaniya. Uning ma’lum bir qo‘yadigan shartlari bizning Humo`ga to‘g‘ri [kelmaydi]… Humo`da ijtimoiy ahamiyatga ega juda ko‘p operatsiyalar bor, ya’ni foiz olmaydi, komissiya olmaydigan operatsiyalar ko‘p. O‘shalar bo‘yicha hozir keluv ketyapti. Shu jarayon [davom etmoqda]», — dedi u.

Har ikki tizimni integratsiya qilish bo‘yicha birinchi bo‘lib Mamarizo Nurmuratov 2020 yil sentabrida ma’lum qilgan edi.

2021 yil dekabr oyi oxirida Humo va Uzcard o‘zaro integratsiyaning birinchi bosqichini yakunlayotgani xabar qilindi. Unga ko‘ra, har ikki to‘lov tizimi terminallari ikkala kartani ham qabul qila oladi. Ushbu xususiyat paydo bo‘lishi uchun banklar terminallarini qanday yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar olishlari kerak edi.

25 mart holatiga ko‘ra, Uzcard aksiyalarining 51 foizi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy bankiga (O‘zmilliybank), 6 foizi «O‘zsanoatqurilishbank», 6 foizi «Asaka» banki, 6 foizi «Ipoteka-bank» va 6 foizi «Aloqabank»ga tegishli. Prezident qarori bilan ushbu aksiyalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazildi.

Qolgan 25 foiz (har biri 6,25 foiz) to‘rt nafar shaxs — Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Timur Maxmudjanovich Azadov va Obid Alimjonovich Ag‘zamxo‘jayev o‘rtasida taqsimlangan.

Humo to‘lov xizmati Markaziy bankning «Axborotlashtirish bosh markazi» davlat unitar korxonasiga tegishli