O‘zbekiston Energetika vazirligi iste’molchilarga murojaat bilan chiqdi, unda joriy haftada haroratning me’yordan oshib ketishi tufayli elektr uzatish tarmoqlarining haddan tashqari qizib ketishi qayd etilayotgani, bu esa tarmoqda jiddiy nosozliklarga olib kelishi mumkinligi aytilgan.

«Asosan ochiq quyoshda joylashgan elektr uzatish tarmoqlari bugungi kunda ularning ishlashi uchun mo‘ljallanmagan haroratgacha qiziydi. Juda yuqori harorat ko‘rsatkichlariga qo‘shimcha ravishda, ayniqsa kunduzi, elektr uzatish tarmoqlarining nosozlik holatiga elektr energiyasi iste’molining favqulodda o‘sishi ta’sir qiladi», — deyiladi xabarda.

Bunday holatda, har qanday vaqtda elektr uzatish tarmoqlarining haddan tashqari qizishi va iste’molning o‘sishi tizimda katta hajmdagi baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin bo‘lib, bu esa elektr ta’minotini normallashtirish uchun sezilarli vaqtni (bir kun yoki undan ko‘proq) olishi mumkin, deya qayd etiladi Energetika vazirligi xabarida. Energotizimda keng ko‘lamli muammolar yuzaga kelishini oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari «elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish uchun zarur choralar ko‘radi».

«Xususan, ma’lum ko‘rsatkichlar kritik darajaga yaqin bo‘lgan holda, ayrim turar-joy binolari va sanoat obyektlarini elektr ta’minotidan vaqtincha uzib turish kerak bo‘ladi», — deyiladi vazirlik xabarida. «Ko‘rsatkichlar normallashtirilganda, dispetcherlik xizmati ushbu obyektlarni darhol elektr ta’minotiga ulaydi».

Energetika vazirligi iste’molchilar «tarmoqdagi keng ko‘lamli nosozliklarni oldini oladigan, vaziyatni ancha uzoqroq tuzatishni talab qiladigan bunday choralar zarurligini» tushunishlariga umid bildirdi.