20 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ikkinchi ochiq muloqotini o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi prezidentga murojaatlarni qabul qilmoqda.

Tadbirkorlar o‘z faoliyati yuzasidan muammo va takliflarini 31 iyulga qadar 1094 qisqa raqamiga va taklif2022.uz veb-sayti orqali yuborishlari mumkin.

Hududlarda ham ishbilarmonlar o‘z takliflarini bildirishlari uchun uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 20 avgust kuni prezident ilk bor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatida uchrashuv o‘tkazgandi. O‘shanda 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushgandi. Ular yettita yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirilgandi va yakunda ularni hal etish yuzasidan prezidentning bir qator qarorlari qabul qilingandi.

Shavkat Mirziyoyev o‘sha uchrashuv davomida shu kabi muloqotlarni har yili o‘tkazish hamda 20 avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.