Ukrainadagi urush oqibatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda korxonalar ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi va kredit olish imkoniyatlarining qisqarishi tufayli sezilarli darajadagi bosimni boshdan kechirmoqda. Bu haqda Jahon banki Markaziy Osiyoning mazkur uchta davlatida o‘tkazilgan yangi «Biznes pulsi» (Business Pulse Survey) tadqiqoti natijalariga tayanib, xabar qildi.

Bankning qayd etishicha, mazkur tadqiqot natijasida olingan ma’lumotlar Ukrainadagi urushning mintaqadagi biznes operatsiyalariga, shu jumladan, har bir mamlakat kontekstidagi ehtimoliy ta’sirini baholash imkonini beradi.

Ishlab chiqarish xarajatlari va narxlarning o‘sishi

Urush tufayli Rossiya va Ukrainada yuzaga kelgan iqtisodiy tanglik har ikki davlat bilan yaqin iqtisodiy aloqalarga ega bo‘lgan mintaqa mamlakatlaridagi korxonalar faoliyatida aks etmoqda. Bank so‘rovnomasida ishtirok etgan korxonalarning 65 foizi 2022 yil fevralidan beri ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganini ma’lum qilgan.

Xususan, o‘zbekistonlik respondentlarning yarmidan ko‘pi — 56 foizi ishlab chiqarish faoliyatida xarajatlarning o‘sishi kuzatilayotganligini qayd etgan. Tojikiston uchun mazkur ko‘rsatkich 53 foizni tashkil etgan. Ishlab chiqarish xarajatlari o‘sishini boshdan kechirayotgan korxonalarning eng yuqori ulushi — 87 foiz — Qirg‘iziston uchun xarakterli bo‘lib, bu qirg‘iz korxonalarining Rossiyadan kirib keladigan mahsulot va materiallar importiga qaramlik darajasi nisbatan yuqori ekani bilan izohlangan.


Ma’lum qilinishicha, so‘rovnomada qatnashgan korxonalarning 43 foizi Rossiya va Ukrainadan import hajmi qisqargani yoki mazkur mamlakatlardan xaridlar to‘liq to‘xtatilgani haqida xabar bergan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish xarajatlarining o‘sishi sabab korxonalar mahsulot narxini oshirish yoki daromadlilikning pasayishi bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, o‘z mahsulotlarini Rossiya yoki Ukraina hududida faoliyat yurituvchi eksportyorlar yoki transmilliy korporatsiyalarga sotadigan korxonalar sotuvlar hajmi o‘rtacha 5 foizga qisqarganini ma’lum qilishgan. Bu borada ko‘rsatkichlar orasida sezilarli tafovutlar mavjud bo‘lib, sotuvlar hajmida 3 foiz atrofida o‘sishdan tortib, ayrim holatlarda, qariyb 13 foizgacha qisqarish qayd etilgan.

Ta’kidlanishicha, o‘z mahsulotlarini Rossiya yoki Ukraina hududida realizatsiya qilmaydigan korxonalar savdosi o‘rtacha 5 foizga oshgan.

Kreditlash imkoniyatining qisqarishi

Tadqiqot natijalarining shuni ko‘rsatadiki, 2022 yil fevralidan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston korxonalarida moliyalashtirish bilan bog‘liq muammolar tobora chuqurlashmoqda. Bank buni korxonalar faoliyatining daromadliligi pasayishi va yangi kredit mablag‘laridan foydalanishning qiyinlashgani bilan izohlaydi. So‘rovnomada ishtirok etgan korxonalarning chorak qismi mazkur muammodan aziyat chekmoqda va, o‘z navbatida, mavjud kreditlarni korrektirovka qilish va qarz yukini kamaytirishga ehtiyoj sezmoqda. Bunday korxonalar ulushining eng past darajasi O‘zbekistonda (17 foiz), eng yuqori darajasi esa tashqi savdoda Rossiya bilan eng ko‘p integratsiyalashgan Qirg‘izistonda (32 foiz) qayd etilgan.


Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kredit olish bilan bog‘liq tobora ortib borayotgan muammolar, moliyaviy holatidan (beqarorlik darajasidan) qat’i nazar, hech bir korxonani chetlab o‘tmaydi. Kredit mablag‘larini jalb qilishda korxonalar duch kelayotgan asosiy qiyinchiliklar ro‘yxatida, yuzaga kelishning eng katta ehtimolligi bilan, yuqori foiz stavkalari qayd etilgan. Ikkinchi o‘rinda — korxonalarga tobora o‘sib borayotgan kredit riskini yengish va kredit bo‘yicha foiz stavkalarini pasaytirish imkonini berishi mumkin bo‘lgan garov yoki kafolatlarning mavjud emasligi. Uchinchi o‘rinda — banklarning kredit mablag‘larini taqdim etishga tayyor emasligi. JBning ta’kidlashicha, bu global miqyosda noaniqliklarning kuchayishi sharoitida kreditlash qoidalarining qat’iylashtirilishi va tavakkalchilikdan qochish zarurati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

«Umuman olganda, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston korxonalari ishlab chiqarish xarajatlarining o‘sishi va kredit olish imkoniyatlarining torayib borayotgani sabab bosimni boshdan kechirmoqda. Natijada, ushbu korxonalarning faoliyat samaradorligi va raqobatbardoshligiga putur yetishi mumkin, bu esa biznesning yopilishiga, ish o‘rinlarining yo‘qotilishiga va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib keladi», — deyiladi xabarda.

Bank mazkur mamlakatlar mutasaddi organlariga, yuzaga kelgan chaqiruvlarga javoban, tadbirkorlarga shaffof tarzda yordam ko‘rsatish yuzasidan ayrim tavsiyalarini keltirib o‘tgan. Jumladan:

  • tadbirkorlarga Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’siri ostida qolgan savdo oqimlarini qayta yo‘naltirish va diversifikatsiya qilish imkonini berish, shuningdek, muqobil eksport bozorlarini aniqlashda elchixonalarni jalb qilish;
  • transport, logistika hamda savdo hisob-kitoblari bilan bog‘liq muammolarni, shu jumladan, Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar tufayli vakillik banklari faoliyatidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga imkon yaratish;
  • haqiqatan yordamga muhtoj bo‘lgan korxonalarnigina qo‘llab-quvvatlash va budjet mablag‘larining behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida korxonalarni moliyaviy va nomoliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maqsadliligini oshirish;
  • bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘lovga layoqatsiz qarzdorlarga nisbatan majburiy ijro choralarini qo‘llash va ularni kreditorlardan himoya qilishdan voz kechish tartibining muddatliligi va shaffofligini ta’minlash, past mahsuldorlikka ega bo‘lgan iqtisodiy noqobil korxonalar o‘z faoliyatini davom ettirishi uchun yana bir imkoniyatga ega bo‘lishining oldini olish va shu bilan birga bozorga yangi korxonalarning kirib kelishini yengillashtirish.

Avvalroq Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga moliya sektorini isloh qilish maqsadlari uchun 15 mln dollar imtiyozli kredit ajratishi haqida xabar berilgan edi.