O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida hozirda mamlakat tijorat banklari uchun naqd xorijiy valyutani mustaqil ravishda olib kirish qiyin kechayotganini tasdiqladi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bizning tijorat banklarimiz va qo‘shni davlatlarning ham tijorat banklari naqd xorijiy valyuta banknotlarini asosan Rossiya banklaridan olib kelishgan. Hozirgi kunda Rossiya banklari chet el valyutasidan foydalanish bo‘yicha taqiqlarga duch keldi. Bu banklarimizning [naqd valyuta olish] imkoniyatlarini keskin cheklab qo‘ydi», — dedi Markaziy bank rahbari.

Mart oyidan boshlab Markaziy bank Nyu-York Federal zaxira bankidan O‘zbekistonga naqd xorijiy valyutani markazlashtirilgan tarzda yetkazib berilayotgani va banklarni chet el valyutasi bilan ta’minlayotgani xabar qilingan edi. Oxirgi ikki oy davomida 2,5 mlrd dollarlik naqd pul banknotlari import qilindi.

«Tijorat banklarimiz buyurtmasiga ko‘ra, har oyda bir yoki ikki marta, ba’zan esa uch marta biz ularning naqd xorijiy valyutaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlab kelyapmiz… Lekin bu tijorat banklari o‘zlari valyutani import qila olmaydi, degani emas. Shuningdek, ular Yevropa davlatlaridagi xorijiy banklardan valyuta olib kelib, valyuta ayirboshlash operatsiyalari yoki pul o‘tkazmalari operatsiyalarini amalga oshirishlari mumkin», — dedi u.

Mamarizo Nurmuratov o‘zbek banklari tomonidan Yevropadan naqd valyuta yetkazib berish keskin kamayganining yana bir sababini aytib o‘tdi.

«Bu yerda ma’lum siyosiy shartlar ham bor. Shuning uchun Yevropa tijorat banklari [O‘zbekiston banklariga naqd pulni] biroz xavotir va xatar bilan berishadi. Ikkinchidan, tijorat banklarining naqd pul [valyuta] emissiyasi uchun komissiyasi keskin oshdi», — dedi u.

Markaziy bank rahbarining so‘zlariga ko‘ra, banklar naqd valyutani olish uchun boshqa banklarga 0,3−0,4 foiz komissiya to‘lashi kerak, O‘zbekiston Markaziy banki esa 0,12 foiz komissiya to‘lash orqali chet el valyutasini import qiladi.

«Hech bir Yevropa banki bizga naqd valyuta berishda cheklov qo‘ygani yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.

2020 yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganda, aksariyat davlatlar tomonidan havo qatnovi cheklovlari joriy etilgani sababli tijorat banklari uchun naqd xorijiy valyutani mustaqil ravishda olib kirish qiyin bo‘lgan edi. Keyin Markaziy bank ham banklar uchun valyutani markazlashtirilgan holda yetkazib berishni tashkil qildi.

Aprel oyida «Gazeta.uz» O‘zbekistonda banklar qat’iy sanksiyaga tushgan banklardan olingan kreditlarni ikkilamchi sanksiyalar xavfini yaratmasdan qaytarish bo‘yicha xalqaro yuridik konsalting kompaniyalarini jalb qilgani haqida xabar bergan edi.