Toshkent shahrida tramvay harakatini tiklash loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish avgust oyida yakunlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 15 iyuldagi sessiyasida shahar Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tramvay choksiz relslar evaziga «shovqinsiz» bo‘ladi, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqishga esa xorijlik mutaxassislar jalb etilgan.

«Prezidentga ikki yo‘nalishda takliflar tayyorlayapmiz. Birinchisi, TTZ massividan Shimoliy vokzalgacha, loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. Iikkinchi yo‘nalish Chilonzor buyum bozori (Ippodrom)dan Shimoliy vokzalgacha», — dedi u.

«Nega biz bu ikki nuqtani tanladik? Ushbu ikki punkt orqali Toshkent viloyatidan shaharga katta yo‘lovchilar oqimi kirib keladi. Bu transport oqimi kirib kelishining oldini olish uchun biz bu yerda [metro yo‘nalishlari] takrorlanmaydigan tramvay yo‘nalishlarini belgilayapmiz», — dedi Anvar Jo‘rayev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida mamlakatda tramvay harakatlanadigan yagona shahar — Samarqandga tashrif buyurar ekan, tramvayni Toshkentga qaytarish rejasini ma’lum qilgandi. Keyinchalik bu bo‘yicha hech qanday tafsilotlar yoki rejalar e’lon qilinmadi. Prezident tramvay yo‘nalishlari «yetti marta o‘lchab, bir marta kesish» orqali belgilanishini ta’kidlagandi.

Avvalroq, Gruziya bosh vaziri va Tbilisi merining Toshkentga tashrifi chog‘ida Gruziya tomoni Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘ylab tramvay harakati tiklanishi mumkinligi haqida bayonot bergan edi. Toshkent tomoni esa bu xabarga izoh bermadi.

«Gazeta.uz» Toshkentda tramvay qatnovini yopish haqidagi qarorning shoshqaloqlik bilan qabul qilingani va noto‘g‘riligiga bir necha bor e’tibor qaratgan. Rasmiylar tramvayni samarasiz deb atagandi va transport muammolarini (yo‘l tirbandligi) yo‘llarni kengaytirish, yangi chorrahalar va metro liniyalarini qurish orqali hal qilishni rejalashtirgandi. Natijada, shaharda jamoat transporti bilan bog‘liq vaziyat faqat yomonlashdi.

Bugungi kunda dunyoda tramvayning boshqa jamoat transporti turlaridan afzalliklari hech bir mutaxassisda shubha uyg‘otmagan. Bizning saytimizda tramvay haqida juda ko‘p materiallar mavjud. Ularga havolalar quyida keltirilgan.