Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
“Orzu-havasga pul ortmaydi,
lekin yashashga yetadi”
Qovun-tarvuz sotuvchilari qanday yashab,
qanday ishlashmoqda?
Bozorlardagi qovun-tarvuz sotuvchilarini quyoshdan qoraygan yuzlari, bosh va yelkalariga tashlab olgan dokadan tanish mumkin. Ular jilmayib, xaridorlarga yoz lazzatini tatib ko‘rish uchun tarvuzning xushtaʼm “chaqmog‘ini” uzatadilar. “Gazeta.uz” ular bilan hayoti, daromadlari hamda shirin qovun va tarvuzni qanday tanlash mumkinligi haqida suhbatlashdi.
Bozorlardagi qovun-tarvuz sotuvchilarining yuzlari quyoshdan qoraygan, bosh va yelkalariga doka tashlab olishgan. Ularning chorlovchi ovozi pichoq tarvuzning yo‘l-yo‘l po‘chog‘ini kesgani singari to‘lib-toshgan olomonning shovqinini yorib o‘tadi. Sertabassum sotuvchilar xushtaʼm tarvuz tilimini xaridorlarga uzatib, yozning ushbu lazzatini tatib ko‘rishni taklif qiladi.

“Gazeta.uz” poytaxtning asosiy savdo nuqtalariga borib, tarvuz-qovunlar haqida hamma narsani biladigan odamlar bilan suhbatlashib, ulardan hayot tarzlari, daromadlari va shirin qovun-tarvuzlarni to‘g‘ri tanlash sirlari haqida so‘radi.
Chig‘atoy ko‘chasi — uzun qatorda turli xil tarvuz va qovunlar sotiladigan rastalar o‘rnatilgan joy. Bu yerda sotuvchilar o‘nlab yillar davomida o‘z dalalarida yetishtirgan yoki dehqonlardan sotib olingan qovun-tarvuzlarni sotishadi. Ko‘cha bo‘yida jami 15 ta nuqta joylashgan bo‘lib, ularda o‘n mingdan ortiq pishgan poliz ekinlari sotiladi.
Chig‘atoydagi eng yosh sotuvchi — 13 yoshli Shukurulloh. Otasiga yordam berib, kunduzi tarvuz sotadi, kechqurun uning o‘rniga akasi keladi. Ular birgalikda besh yildan buyon oilaviy biznesni yuritib kelishadi.

“Smenam 6:30-07:00 da boshlanadi. Birinchi bo‘lib Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatining Bo‘ka shahridan dehqonlar uch-to‘rt kunda bir marta yetkazib beradigan tarvuz, qovun va qovoqlarni tushirib, taxlaymiz. Bir martada 800 dan 1000 tagacha tarvuz sotib olamiz. Kuniga 150-200 dona sotishga ulguramiz”, — deydi bola.
Tarvuzlar qancha erta pishsa, savdo shuncha yaxshi bo‘ladi
Uning so‘zlariga ko‘ra, tarvuzning narxi katta-kichikligiga qarab 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha o‘zgarib turadi. 800 dona tarvuz sotishdan bir oilaga o‘rtacha 10 mln so‘mga yaqin daromad tushadi. Bu pulning bir qismi bilan ular keyingi partiyani sotib olishadi, foydani esa o‘zlari uchun saqlab qoladilar.

“Har yili biznesimiz daromadi ortib bormoqda. Mavsum bahor oxiridan boshlanadi va kuzning o‘rtalariga qadar davom etadi. Tarvuzlar qancha erta pishsa, savdo shuncha yaxshi bo‘ladi”, — deydi Shukurulloh.
Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha sotuvchilar har kuni, bu yerda odatda “patta” deb ataladigan 15 ming so‘mga teng yer solig‘ini to‘laydi. Bu bozorning maʼlum bir nuqtasida tarvuz bilan savdo qilish huquqini beradi.
реклама
реклама
“Bu yerga birinchi marta kelganimizda, ko‘chaning pastki qismida joylashishni rejalashtirgan edik, lekin joy yo‘qligi sababli avtobus bekatiga yaqin joyda joylashdik. Vaqt o‘tishi bilan bu yerda savdo yaxshiroq ketayotganini angladik. Endi bu yer bizning joyimiz”, — deb aytadi Shukurulloh.

Bola haftada olti kun ishlaydi va yakshanba kuni dam oladi. Ikki haftada bir kun dam oladi, lekin qattiq charchagan bo‘lsa, uyda uzoqroq qolishi ham mumkin.
U o‘z ishida eng yaxshi ko‘rgani sotish ekanini tan oladi.

“Kuniga 20-30 ming so‘m olaman. Bu pullarni yig‘aman, keyin o‘zim uchun nimadir sotib olaman. Tushlik payti yaqindagi kafega borishni yaxshi ko‘raman, ovqatni o‘zim bilan ovolib, sotishda davom etish uchun qaytib kelaman”, — deydi Shukurulloh.

Qishda bolaning oilasi bozorlardan sotib olinadigan quritilgan mevalar savdosi bilan shug‘ullanadi, erta bahorda esa varrak sotadi. Shukurulloh yozgi taʼtilni qovun-tarvuz uyumlari ortida o‘tkazadi. Savdodan bo‘sh vaqtini esa sotuvchilar bilan suhbatlashib o‘tkazadi. Ulardan biri boladan pishgan tarvuzni qanday tanlashini ko‘rsatishni so‘radi. Bola tarvuzni urib-urib, barmog‘ini uning yuzasi bo‘ylab yurg‘izadi.

“Urilganida xarakterli qarsillagan tovush chiqsa va oq chiziqlari tiniq, yashil rangga qaraganda kengroq bo‘lsa, demak, tarvuz yaxshi”, — deydi u.
Shukurulloh qovun va qovoqlar qo‘yilgan stol tomonga o‘tdi. Ularni tartibga solib, eng yaxshisini tanlar ekan, qovunlardan biri qo‘lidan sirg‘alib, yerga tushib ketdi. Tirsillagan ovoz chiqdi — va qovunning sariq dag‘al po‘stlog‘i yuzasi yoriqlar bilan qoplandi. Shu yerda non sotayotgan ayol: “Baribir bugun qovun yeyish nasib etgan ekan-da”, — deb kuladi.

Bola pichoqni olib, qovunni tilimladi. Asalning hidi havoni tutib ketdi.
Savdo nuqtasiga qovun-tarvuz ortilgan “Damas” yaqinlashdi. Bir yigit mashinadan tushib, Qo‘yliq dehqon bozoridan sotib olgan mollarini tushira boshladi.

“Bu joyda anchadan beri, taxminan besh-olti yildan buyon savdo qilib kelaman. Bu vaqt ichida tarvuz va qovunlarning navlarini, sifatini farqlashni o‘rgandim. Bir qarashda pishgan yoki oxirigacha yetilmaganini bilib olaman”, — deydi Ramziddin Akbarov taxtalar ustiga tarvuz va qovunlarni taxlar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Chig‘atoy uning uchun ideal savdo nuqtasiga aylangan, chunki o‘zi ham yaqinroqda, shu nomdagi mahallada yashaydi. Jadval emas, balki xohish bo‘yicha ishlaydi. Talab katta bo‘lgani uchun aka-ukalari bilan har kuni bu yerga chiqishlarini tan oladi. Dam olmaganiga ancha bo‘lgan. Maydan sentyabrgacha shunday davom etadi.

“Ertadan kechgacha tarvuz sotamiz. Baʼzan 00:00–1:00 gacha ushlanib qolamiz. Hammasini sotishga ulgurmasak, mashinaga qayta ortamiz yoki tavakkal qilib shu yerda qoldirib ketamiz. Hozircha biror marta ham tarvuzlarimiz yo‘qolmagan”, — deydi Ramziddin Akbarov.
реклама
реклама
Har ikki yoki uch kunda butun qovun-tarvuzlar assortimenti yangilanadi. Yomon bo‘lib qolgan tarvuz-qovunlar molga beriladi.

“Biz faqat yangi mahsulotlarni sotamiz, chunki mijozlar ishonchi biz uchun muhim. Mijozlar shikoyat bilan kelsa ham, har biriga alohida yondashishga harakat qilaman va hammaga xushmuomalalik bilan tushuntiraman. Ammo bunday holatlar deyarli sodir bo‘lmaydi. Barcha xaridorlar mamnun”, — deydi Ramziddin xursand bo‘lib.
U turli bozorlardan xarid qiladi va olib-sotarlarga mahsulot sotadigan dehqonlar yil sayin kamayib borayotganini aytadi. Hozir birinchi va ikkinchi terim qovun-tarvuzlar tugagani sababli bozorlarda narxlar oshgan. Yigitning aytishicha, u tannarxning ustiga ozgina qo‘shadi — har bir tarvuzdan 2000–3000 so‘m qoladi. Katta tarvuzlardan ko‘proq daromad qoladi, eskirib qolmasligi uchun kichiklarini o‘z narxida berib yuboradi.

“Ikki mavsum davomida ancha kam daromad olamiz. Bu biznes odamlar o‘ylaganchalik daromad keltirganida edi, hamma tarvuz-qovun sota boshlagan bo‘lardi”, – deb kulib yubordi yigit.

Ramziddin pul yig‘ib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish — do‘kon ochishni orzu qiladi. U tarvuz-qovun savdosi bilan cheklanib qolishni istamasligini va boshqa sohalarda ham rivojlanishni rejalashtirayotganini taʼkidlaydi.
Pishgan tarvuzni qanday tanlashni aytib berishni so‘raganimizda, Ramziddin hamma narsa rangga bog‘liq, deb javob beradi.

“Pishgan va mazali tarvuz chiroyli po‘stlog‘i va yonboshidagi yorqin dog‘i bilan ajralib turadi. “Qiz bola” tarvuz yumaloq shaklga ega va dog‘i sariq rangli bo‘ladi. Ularning taʼmi shirinroq va urug‘lari kamroq deb hisoblanadi. “O‘g‘il bolalar” esa suvliroq va ovalroq bo‘ladi”, — deb tushuntiradi sotuvchi.

U tarvuz-qovunning kattaligiga eʼtibor qaratishni maslahat beradi. Eng yaxshisi, o‘rtachasini tanlash kerak. Ramziddinning so‘zlariga ko‘ra, juda katta bo‘lgan tarvuzlar pishmagan bo‘lib chiqishi mumkin, mayda va yengil tarvuzlarning ichi esa paxtaga o‘xshaydi.
Ko‘chaning pastrog‘ida tungi smenada ishlaydigan sotuvchilar karavot va ko‘rpachalarda dam olishyapti. Ulardan biri — Dilnoza Qodirova. Ayol 18 yilki Jizzax viloyatidagi uch gektar yerida o‘zi yetishtiradigan hosilni Chig‘atoy bozorida sotadi. Uning uchastkasida 20 turdagi qovun, tarvuz va qovoq yonboshlagancha xaridorlarini kutadi.
“Dehqonchilik – halol kasb, lekin bu ishni hamma ham qilavermaydi. Yerga urug‘ tashlasangiz, tarvuz o‘z-o‘zidan o‘sib chiqmaydi. May oyida urug‘ qadashdan sentyabrda oxirgi hosilni yig‘ishgacha uzoq va mashaqqatli mehnat talab etiladi. Quyosh chiqmasdan oldin dalaga boramiz va ertalab soat 10 gacha ishlaymiz — issiq sababli u yerda uzoqroq qolishning iloji yo‘q. Kechqurun qaytamiz. Quvonarlisi, mehnatimiz o‘z samarasini bermoqda. Bu yil 15 tonna hosil olish niyatidamiz”, — deydi ayol.
Toshkentda Dilnozaning ish kuni ertalab soat beshda boshlanadi. U o‘z joyiga yetib kelib, uchastkasini supurib tashlaydi va qorong‘igacha davom etadigan savdoni boshlaydi. Ayolning qo‘shimcha ishi ham bor. Buyurtma bo‘yicha xamirdan chuchvara, xonim, lag‘mon va norin tayyorlaydi. Buyurtmalar ko‘p bo‘lsa, Dilnoza bolalardan uning o‘rnini egallashni va qovun-tarvuz peshtaxta ortida turishlarini so‘raydi. Agar xaridorlar ko‘p bo‘lsa yoki barcha tovarlar sotilmagan bo‘lsa, shu yerda tunab qolishga to‘g‘ri keladi.

Ayol o‘z ishida odamlar bilan muloqot qilish uning uchun eng qiyini ekanligini tan oladi.

“Hozir yer narxi ancha qimmatlashgani uchun qovunlarni 20-25 ming so‘mdan sotaman. Mijozlar mendan nega bunchalik qimmat ekanligini tez-tez so‘rashadi. Ularni yetishtirish va shaharga yetkazish uchun ko‘p vaqt va mablag‘ kerak, deb javob beraman. Tushunadiganlar kam”, — deydi Dilnoza.
Ayol kuzning oxirida butun hosilni sotishdan olingan daromadni hisoblaydi. Hosil yetishmovchiligida u atigi ikki million so‘mni tashkil qilishi mumkin. Mavsum yaxshi o‘tsa, bu miqdor o‘n millionga ham yetishi mumkin.

To‘plangan pulga Dilnoza mashina sotib olish, uy solish, bolalarning to‘yini qilishga ulgurdi.

“Oilam hech narsaga muhtoj emasligini bilish — bu ishning eng sevimli qismi”, — deydi u.
“Chorsu” bozoridagi oziq-ovqat bo‘limining meva-sabzavot qatorlari orasida tarvuz va qovun ortilgan ikkita katta furgon turibdi. Ular mehnatkash va kamtarin dehqonlarga tegishli bo‘lib, dehqonlar quyosh chiqmasdanoq hosilini bozorga olib kelib, boshqa sotuvchilarga ulgurji sotishadi. Ularning aksariyati allaqachon kelishuvni yakunlab, uylariga ketishgan. Kimdir shundoqqina yerning o‘zida qovun sotish uchun qolgan.
Ikki ayol yo‘l chetida yig‘ma soyabon ostida o‘tiribdi. “Uchtasi o‘n ming, yangi qovunlardan sotib oling”, — deb o‘tkinchilarni chaqirishadi.

Bir necha metr narida mashina to‘xtadi. Haydovchi — keksa erkak — uzoq vaqt qovun tanladi, ularning hidiga “quloq soladi”. Uning aytishicha, shu orqali qovunning qanchalik yangi uzilganligini aniqlash mumkin.

O‘rta yoshlardagi erkak jarayonni jim turib kuzatdi. Uning miniveni pishgan qovunlarga liq to‘la.

“Doimiy mijozimiz. Har kuni kelib, bizdan qovun sotib olib, mahallalarga yetkazib beradi”, — deydi ayollardan biri jilmayib bosh irg‘agancha.
Dilrabo Saidova asli samarqandlik. Bu ayol har kuni 600 ga yaqin qovun sotib oladi, “Chorsu”da yarim tundan tongga qadar savdo qiladi. Shundan keyin metroning oldiga o‘tib, u yerda qovun-tarvuz sotishni davom etadi. Dilraboning yonida kun davomida dam olishi uchun ko‘rpachasi turadi.

“Asosiy daromad manbamiz savdo hisoblanadi. Biz yil davomida turli joylarda, asosan bozorlar yaqinida ishlaymiz. Hozir qovun mavsumi boshlangan, u noyabrgacha davom etadi. Keyin meva olib kelamiz”, — deydi ayol.
Dilrabo Toshkentga yaxshi hayot umidida kelgan. U qo‘shnisi bilan ijaraga olgan kvartirada yashaydi. Uyda, Samarqandda ayollarni oilasi va farzandlari kutadi.

Ular topgan pullarini ovqatlanish, ijaraga, shuningdek, yer solig‘iga – kuniga 20 ming so‘m – sarflaydi.

“Orzu-havas uchun pul ortmaydi, lekin yasha uchun yetarli”, — deb tan oladi Dilrabo.
реклама
реклама
Yo‘l bo‘ylab sal narida o‘tkinchilar hayajonli manzarani tomosha qilishadi: bir qiz epchillik bilan yo‘l chetidan ayolga qovun otadi, ayol esa ularni tutib olib, daraxt ostidagi soyaga qo‘yadi.
Muqaddas Qo‘chqorova turmush o‘rtog‘i bilan Namangan viloyati Norin tumanidagi 1 gektar 30 sotix yer maydonida dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Odatda sotish uchun ko‘katlar va mevalar yetishtiriladi.

“20 yildan buyon bozor markazida o‘z joyimizga egamiz. Namanganda deyarli har bir oila dehqon, hamma nimadir yetishtiradi, shuning uchun sabzavot-meva savdosiga Toshkentdagidek talab yuqori emas”, — deydi Muqaddas.

Bu yil oila uchastkaga qovun ekishga qaror qildi. Birinchi hosilni “Chorsu” bozoriga olib kelishdi. Muqaddasning aytishicha, savdo yaxshi ketmoqda.

Ayolning maslahat berishicha, mazali qovunni tanlash uchun, birinchi navbatda, uning to‘r naqshiga qarash kerak — u qanchalik kichik bo‘lsa, hosil shunchalik shirin bo‘ladi. Qovun og‘ir va dumchali bo‘lgani yaxshi.
Muqaddas Qo‘chqorovaning oilasi Toshkentga mavsum vaqtida keladi. Ular ishlayotgan bozor yaqinida yashashadi: ertalabki smenada ayol qizi bilan, tungi smenada esa eri o‘g‘li bilan turadi.

Muqaddasning fikricha, oilaviy biznes yolg‘iz yoki notanish kishi bilan sherikchilikda sotgandan ko‘ra ko‘proq daromad keltiradi. U ona yurtda qolib, yaxshi pul topish va orzularni amalga oshirish mumkinligiga ishonadi.
“Orzuim – farzandlarimni o‘qitish, chunki o‘zim ham oilaviy sharoit tufayli o‘qiy olmadim. Yillar o‘tib, o‘qimishli insonlar oson muvaffaqiyatga erishib, o‘z yo‘lini tezroq topishini angladim. Farzandlarim uchun aynan shuni tilayman”, — deydi Muqaddas.

Ayol o‘zini istisno deb hisoblaydi — diplomi yo‘qligi uning baxtli bo‘lishiga va o‘z sevgan ishi bilan shug‘ullanishiga to‘sqinlik qilmagan.
Fotosuratlar muallifi: Madina Aʼzam.
Matnni Farzona Hamidova tayyorladi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting