22 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman va shaharlarida ham «Tashabbusli budjet» jarayonining 2-mavsumi boshlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq prezidentning 2 iyuldagi [PF-164-son] farmoniga asosan Respublika hududida favqulodda holat joriy etilgani sababli Tashabbusli budjet jarayonining 2-mavsumi boshlanishi kechiktirilgandi. Davlat rahbarining yana bir farmoniga asosan 21 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab muddatidan avval tugatildi.

Vazirlik ma’lum qilgan tartibga ko‘ra, endilikda Qoraqalpog‘istonda ham «Tashabbusli budjet» jarayonlarining har bir bosqichi 20 kundan — jami 60 kun davom etadi. Tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga davlat budjetidan 900 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

«Tashabbusli budjet» jarayonining 2-mavsumi:

  • 1-bosqich — takliflarni ilgari surish — 15 iyuldan — 3 avgustgacha (Qoraqalpog‘istonda — 22 iyuldan — 10 avgustgacha);
  • 2-bosqich — loyihalarni saralab olish — 4 avgustdan — 23 avgustgacha (Qoraqalpog‘istonda — 11 avgustdan — 31 avgustgacha);
  • 3-bosqich loyihalarga ovoz berish — 24 avgustdan — 12 sentabrgacha (Qoraqalpog‘istonda — 30 avgustdan 20 sentabrgacha) davom etadi.

Moliya vazirligi Qoraqalpog‘iston ahlidan ushbu jarayonlarda faol ishtirok etish, hududdagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan loyihalarni ilgari surishni so‘ramoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumiga 15 iyuldan start berildi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» mazkur platforma va undan foydalanish tartiblari haqida maxsus qo‘llanma tayyorlagandi.