Ukraina, Turkiya va Rossiya BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ko‘magida 22 iyul kuni Istanbulda g‘alla, tegishli oziq-ovqat mahsulotlari va o‘g‘itlar eksporti uchun xavfsiz yuk tashishni rivojlantirishga kelishib oldi, deb xabar berdi «Interfaks-Ukraina».

Tashish «Odessa», «Chernomorsk» va «Yujniy» dengiz portlaridan 120 kun ichida ushbu muddatni uzaytirish imkoniyati bilan amalga oshiriladi.

Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ishtirokida Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar va BMT bosh kotibi bilan uch tomonlama hujjatni imzoladi, xuddi shunday uch tomonlama hujjat Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan ham imzolandi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvda Rossiya kemalari tomonidan transport eskorti (kuzatib boruvchi harbiy soqchilik — tarj.) bo‘lmasligi hamda Ukraina portlarida Rossiya vakillarining bo‘lishi ko‘rsatilgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, kelishuv Ukraina hududiy suvlarida minalardan tozalash ishlari amalga oshirilmasligini nazarda tutadi, chunki bu juda uzoq davom etadi. Donli kemalar Qora dengizdan kelishilgan xavfsiz yo‘lak bo‘ylab chiqib ketadi, ularni Ukraina uchuvchilari kuzatib boradi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, Anadolu ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Qora dengizda dengiz orqali yuk tashish qayta yo‘lga qo‘yiladi. «Ushbu juda muhim rejani amalga oshirish va monitoring qilish Istanbuldagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazi orqali amalga oshiriladi», — dedi Turkiya rahbari.

Ukraina Infratuzilma vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina, Turkiya, Rossiya va BMT vakillari ishtirokidagi qo‘shma muvofiqlashtirish markazi kelishuvlarning bajarilishini umumiy nazorat qilish va muvofiqlashtirish, dengizga ketayotgan kemalarni ro‘yxatga olish uchun javobgar bo‘ladi. Ukraina portlarini blokdan chiqarish, tranzit jadvallarini va portlarga kiruvchi kemalarni tasdiqlash.

Shuningdek, barcha tomonlar ishtirokida Ukraina portlariga kelayotgan yoki ketayotgan kemalarda ruxsat etilmagan yuklar va xodimlar bor-yo‘qligini tekshiradigan maxsus tekshiruv guruhlari tuzilmoqda. Bunday guruhlar Bosfor bo‘g‘ozi hududidagi bandargohlarda ishlaydi, bu esa avvalroq Turkiya tomoni tomonidan belgilanadi.

«Mutaxassislarning fikricha, Ukraina donini eksport qilish imkoniyati oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlarini pasaytiradi, bu esa butun dunyo uchun muammoga aylangan inflyatsiyaning sekinlashishiga olib keladi», — deya izoh berdi Ukraina infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov.

«Bugun Ukraina, Rossiya Federatsiyasi va Turkiya o‘rtasida BMT shafeligida imzolangan kelishuv Ukrainadan oziq-ovqat mahsulotlarini Qora dengiz orqali eksport qilishga yo‘l ochadi. Bu butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar uchun oziq-ovqat tanqisligi bilan bog‘liq falokatning oldini olishga yordam beradi. Bu umid va yengillik mayog‘idir», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Antoniu Guterrish Rossiyaga Ukraina portlarini to‘sib qo‘ymasligini, mamlakat donni dengiz orqali eksport qila olishini so‘rab murojaat qilgan edi. Ukraina agrarlarining fikriga ko‘ra, urushdan oldingi davrda eksportning 90 foizi har oyda 5 mln tonnaga yaqin don jo‘natish bilan ushbu portlar orqali o‘tgan.

Mart oyida oziq-ovqat mahsulotlarining jahon narxlari tarixiy eng yuqori darajaga yetdi, yil davomida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (yorma, o‘simlik yog‘i, shakar, go‘sht, sut) narxi uchdan birga oshdi. May oyida Ukrainadagi urush dunyoda oziq-ovqat inqiroziga olib kelgani ma’lum qilindi. Ayniqsa, Janubiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, kuchli qurg‘oqchilik va ocharchilik kuchayib borayotgan Afrika Fil burni, qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgan mamlakatlar — Efiopiya va Afg‘onistonda vaziyat juda og‘ir.