Endilikda yo‘qotilgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun nazariy va amaliy imtihon topshirish tizimi bekor qilindi.

Bu hukumatning 20 iyuldagi «Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [393-son] qarorida qayd etilgan.

Yo‘qolgan milliy haydovchilik guvohnomasi (eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi yoki uning taloni)ning dublikati transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilik guvohnomalari ma’lumotlar bazasidan tekshirilganidan so‘ng imtihonlarsiz beriladi.

Haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun ko‘rsatiladigan xizmat narxi Yagona portal orqali topshirilganda — 270 ming so‘m, IIV YHXX tomonidan ko‘rsatilganda — 300 ming so‘mni tashkil etadi.

Birgina YAIDX ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 6 oyi davomida «prava»ni almashtirish bo‘yicha 800 ta ariza kelib tushgan. Shundan eng ko‘pi mart oyida — 170 ta ariza qoldirilgan. 31 ta holatda guvohnoma almashtirilgan, 81 ta holatda esa rad etilgan. 328 tasi esa to‘lovni amalga oshirmagan, katta ehtimol bilan ular to‘g‘ridan to‘g‘ri YHXXga murojaat qilgan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 1 martdan boshlab haydovchilarning yonida pasport (ID-karta) mavjud bo‘lgan taqdirda, ulardan haydovchilik guvohnomasi, texpasport, ishonchnoma va sug‘urta polisini olib yurish talab etilmasligi bo‘yicha tartib kuchga kirgandi.