Toshkent uchun ikkita «shovqinsiz» tramvay yo‘nalishi ishlab chiqilmoqda

Avgustda Toshkentda zamonaviy «shovqinsiz» tramvayni ishga tushirish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning aytishicha, bunda ikkita — TTZ hamda «Ippodrom» dan Shimoliy vokzalgacha bo‘lgan yo‘nalish doirasida takliflar tayyorlangan.

Vazirlar Mahkamasi haydovchilarni tayyorlash tizimini yangiladi

Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, haydovchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv soati haftasiga 20 soatgacha, kuniga 4 soatgacha bo‘ladi. Haydovchilarning malaka oshirish sertifikatlari faqat elektron shaklda beriladi.

Toshkent aeroportida bepul Wi-Fi ishga tushirildi

«O‘zbektelekom» tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida bepul Wi-Fi ishga tushirildi. Avval aeroportda Sola provayderining simsiz tarmog‘i mavjud bo‘lgan, biroq, havo bandargohi ma’muriyatining qayd etishicha, u barqaror ishlamagan.

Yo‘qolgan «prava»ni qayta tiklash uchun imtihon topshirish tizimi bekor qilindi

Hukumat qaroriga muvofiq, endi yo‘qolgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun nazariy va amaliy imtihondan o‘tish talab etilmaydi.

USAID 35 nafar odam savdosi qurbonini O‘zbekistonga qaytarishga yordam berdi

«Istiqlol Avlodi» NNT va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ko‘magida 2021 yilning oktabr oyidan beri odam savdosi qurbonlarning 35 nafari Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardan O‘zbekistonga qaytarib olib kelindi.

«Imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish kerak». Jamshid Qo‘chqorov kreditlar talon-torojiga barham berish haqida

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov kreditlar talon-toroj qilinishiga barham berish uchun imtiyozli kreditlarni yo‘q qilish va banklarni xususiylashtirish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundagina kredit ajratish tizimi tartibga tushadi, xususiy bank egalari esa vaziyatni o‘z nazoratiga oladi.

«O‘zMET» regulyatorga aylantiriladi, elektr energiyasi oldi-sotdisi uchun yangi kompaniya tashkil etiladi

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov «O‘zMET» AJ elektr energiyasi sohasida regulyatorga aylanishi, bozorda oldi-sotdi bilan shug‘ullanish uchun esa yangi PowerTrade (nomi rasman tasdiqlanmagan) kompaniyasi tuzilishini ma’lum qildi. Shu orqali davlat elektrni kafolatli sotib olishiga chek qo‘yiladi.

Dam olish kunlari harorat iqlimiy me’yorlardan 5−7 daraja yuqori bo‘ladi

Shanba-yakshanba kunlari jazirama issiq saqlanib qoladi. Erondan juda issiq va quruq havo oqimlari kirib kelishi hisobiga harorat iqlimiy me’yorlardan 5−7 darajaga yuqori bo‘ladi. Havo kunduzi +40…+45 darajagacha, janub va cho‘l zonalarida +47 darajagacha isishi kutilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumi boshlandi

Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat bekor qilinishi sababli «Tashabbusli budjet» jarayonining ikkinchi mavsumiga 22 iyuldan start berildi. Respublikada ham har bir bosqichga 20 kundan — jami 60 kun muddat taqdim etiladi.

Andijon va Farg‘onada pul evaziga o‘qishga kiritib qo‘yishga uringan shaxslar ushlandi

Andijonda ikki fuqaroni Andijon davlat universitetiga tanishlari orqali kiritib qo‘yish evaziga 11 ming dollarni olganlikda gumonlangan shaxs qo‘lga tushdi. Bag‘dodda esa fuqaroni 500 dollar evaziga Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishga uringan shaxs ushlandi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqandda 5G tarmog‘i sinovdan o‘tkazilmoqda

Samarqand turizm markazida 5G mobil aloqa tarmog‘i sinovdan o‘tkazilmoqda, deya ma’lum qildi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov.

200 ming so‘mlik banknotani inflyatsiyani to‘xtatish uchun chiqarganimiz yo‘q — Markaziy bank raisi

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 200 ming so‘mlik banknota inflyatsiyani to‘xtatish yoki bankomatlar uchun emas, balki odamlarga qulaylik yaratish maqsadida oldinroq chiqarilganini ma’lum qildi. «Pul massasining ko‘payishi — iqtisodiyotda bo‘layotgan ijobiy o‘sish va o‘zgarishlarning mahsuli», — dedi u.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Orzu-havasga pul ortmaydi, lekin yashashga yetadi». Qovun-tarvuz sotuvchilari qanday yashab, qanday ishlashmoqda?

Bozorlardagi qovun-tarvuz sotuvchilarini quyoshdan qoraygan yuzlari, bosh va yelkalariga tashlab olgan dokadan tanish mumkin. Ular xaridorlarga yoz lazzatini tatib ko‘rish uchun tarvuz tilimini uzatadilar. «Gazeta.uz» ular bilan hayoti, daromadlari hamda shirin qovun va tarvuzni qanday tanlashi haqida suhbatlashdi.

«Qon faqat donorlar kunida emas, yil davomida kerak». O‘zbekistonda donorlik nega ommalashmagan?

O‘zbekistonda donorlik qoniga talab juda yuqori, biroq odamlarni qon topshirishdan to‘xtatib turuvchi qo‘rquvlar mavjud. Respublika qon quyishi markazi bo‘lim boshlig‘i Mukarram Po‘latova «Gazeta.uz» bilan suhbatda donorlikning foydasi, uning ahamiyati va qanday qilib donor bo‘lish mumkinligi haqida gapirib berdi.