Payshanba kungi matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 200 ming so‘mlik banknotani chiqarilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad nimada ekanligini tushuntirdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Blogerlarimiz yozgan ayrim gaplarni o‘qib, „bu qayerda o‘qigan ekan“ deb o‘ylab qolaman. Ya’ni, 200 ming [so‘mlik banknota]ni chiqardi, bu bilan inflyatsiyani to‘xtatib bo‘lmaydi, deyishadi. 200 ming so‘mlikni biz inflyatsiyani to‘xtatish uchun chiqarganimiz yo‘q-ku. Yoki bankomatlar uchun emas. 200 minglikni chiqarganimizdan asosiy maqsadimiz odamlarga qulaylik yaratish», — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, umume’tirof etilgan naqd pulning o‘ziga yarasha qoidalari bor. Eng yirik kupyura o‘rtacha oylikning kamida 30−40 foiziga teng bo‘lishi kerak. Ayrim davlatlarda bu 50%.

«Biz o‘rgangan yana bir narsa: odamlarimizning o‘rtacha xarid summasi qancha bo‘lyapti? Hozirda o‘rtacha xarid summasi 200, 300, 500 mingdan ortayotgan holatlar bor. Endi biz buni segmentlar bo‘yicha o‘rganamiz, masalan Dehqon bozorida qanday xarid, savdo komplekslarida qanaqa? Xuddi shular ham bizga asos bo‘ldiki, 200 minglikni kutib o‘tirmasdan, oldinroq chiqarish», — dedi Markaziy bank raisi.

U banknota chiqarilganiga uchinchi sabab sifatida jami muomaladagi banknotalar sonini ham monitoring qilish imkoni bo‘lishini aytdi.

«Mana tasavvur qiling, bugungi kundagi naqd pul banknotalar soni 2 yil oldin jon boshiga 370 ta to‘g‘ri kelar edi. Bugungi kunda biz buni 70 tadan ziyodgacha tushirdik. Ya’ni bundan maqsad faqat odamlarga qulaylik yaratish. Qo‘shimcha qilmoqchimanki, pul massasining ko‘payishi iqtisodiyotdagi bo‘layotgan ijobiy o‘sish va o‘zgarishlarning mahsuli», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 15 iyul kuni Markaziy bank 200 ming so‘mlik banknotani muomalaga chiqardi.