Samarqand shahridagi eshkak eshish kanali hududida qurilayotgan turizm markazida beshinchi avlod mobil aloqa tarmog‘i — 5G`ni sinovdan o‘tkazish boshlandi. Bu haqda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.

U internetga ulanish tezligini o‘lchash dasturining skrinshotlarini taqdim etdi, undan yuklab olish tezligi 896 Mbit/s, tarmoq nomi esa 5G Uzmobile ekanligini ko‘rish mumkin.

«Ushbu markaz nafaqat xalqaro tadbirlar o‘tkaziladigan va turistlar yaxshi dam oladigan joy bo‘lmoqda», — dedi vazir. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda birinchi marotaba barcha mobil aloqa operatorlar hamkorlikda antenna infratuzilmasini bitta machtada ko‘tarib, binolar ichida ham Active DAS tizimini hamkorlikda ishlatib, yuqori tezlikdagi sifatli xizmatlar ko‘rsatishlariga imkon yaratishmoqda.

Sherzod Shermatov joriy yil 24−27 oktabr kunlari bu yilgi AKT haftaligi aynan mazkur Samarqand turizm markazida o‘tkazilishini eslatib o‘tdi.

«Gazeta.uz» avvalroq 200 gektardan ortiq maydonni egallagan Turizm markazi qanday ko‘rinishda bo‘lishi va uni kim qurayotgani haqida yozgandi. Bu yerda sakkizta mehmonxona, kongress-xoll, «Abadiy shahar» karvon saroyi barpo etilmoqda, eshkak eshish kanali bo‘ylab istirohat bog‘i ham bunyod etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev iyul oyi o‘rtalari va o‘tgan yilning aprel oyida markazga tashrif buyurgandi.

Ma’lumot uchun, sentabr oyida Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.