21 iyul kuni soat 00:05 atrofida A-373 «Toshkent-O‘sh» avtomobil yo‘lining 222-kilometrida YTH sodir bo‘ldi, voqea oqibatida halok bo‘lganlar bor, deya xabar berdi Namangan viloyati IIB matbuot xizmati.

Farg‘ona vodiysidan Toshkentga qarab harakatlanib ketayotgan MAN rusumli yoqilg‘i tashuvchi yuk avtomashinasi (davlat raqami 40 Q 486 XA, tirkama raqami 40 AA 7422), qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketib, Damas avtomashinasi (davlat raqami 40 Q 943 WA) bilan to‘qnashgan.

Oqibatda hodisa joyida yong‘in yuzaga kelib, transport vositalari yonib zararlangan. Yong‘in sodir bo‘lgan hududda Nexia avtomashinasiga ham texnik shikast yetgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi «Gazeta.uz»ga hozirda sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda, qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon berilishini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz»ga Namangan viloyati YHXB dastlabki ma’lumotlarga asoslanib, aniqlik kiritishicha, yoqilg‘i tashuvchi yuk mashinasi ichidagi ikki nafar va Damas ichidagi ikki nafar fuqaro vafot etgan. Avariya natijasida yuzaga kelgan yong‘inda ham odamlar halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.