O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati chorshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisda prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘iston hududida favqulodda holat tartibini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi farmonini ma’qulladi. Shu kuni parlament palatalarining qo‘shma qarori kuchga kirdi.

20 iyul kuni tushdan keyin Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari prezidentga murojaat qilib, unda favqulodda holat tartibini bekor qilishni so‘rashgan edi. Murojaatning to‘liq matni e’lon qilinmadi.

Shundan so‘ng prezident 21 iyul soat 5:00 dan favqulodda holat tartibini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda «Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida jamoat tartibi tiklanganligini va ko‘rilgan choralar natijasida fuqarolarning xavfsizligi, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanganligi» qayd etildi.

Favqulodda holat Nukusda 1−2 iyul kunlari sodir bo‘lgan fojiali voqealarda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 21 kishi halok bo‘lgani va 270 dan ortiq kishi jarohatlanganidan so‘ng 3 iyuldan bir oy muddatga favqulodda holat joriy etilgan edi.

14 iyul kuni favqulodda holat yumshatildi, xususan, respublikada komendantlik soati 23 dan 5 soatgacha (soat 21:00—7:00 o‘rniga) o‘rnatildi.