Adliya vaziri Ruslanbek Davletov haydovchilik guvohnomasini masofadan turib almashtirish imkoniyatini yaratish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi. U bu mavzusiga 20 iyul kuni Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar savoliga javob bera turib to‘xtalib o‘tdi (video).

«Muddatlari 2−3 marta cho‘zib berildi. Faqat vaqt nuqtai nazaridan, oxiriga kelganida navbatlar ko‘payib ketayapti. Mart-aprel oylarida shunaqa holat bo‘lganida, biz bo‘ldi cho‘ziladi deb e’lon qildik, keyin ertasiga hamma yana ketib qoldi. Haydovchilik guvohnomasini almashtirishni so‘rab kelganlar 10−15 barobarga kamayib ketdi», — dedi vazir.

U aholi orasida tushuntirishlar olib borilayotgani, har xil vositalar, jumladan, memlar, multfilmlar, reklamalardan foydalanilayotganini ta’kidladi.

«Bir yildan keyin yana huddi shunaqa bo‘lmasligi (navbatlar ko‘payib ketmasligi — tahr.) uchun elektron [xizmat shakli]ga o‘tkazmoqchimiz. Bitta kamchiligimiz bor — guvohnomada imzo chekish kerak, buning uchun albatta o‘zi kelishiga to‘g‘ri kelyapti», — dedi Ruslanbek Davletov.

Haydovchi imzosi guvohnomaning chap taraf, pastki qismida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tizim ishga tushirilsa, fuqarolarning Davlat xizmatlari markazlariga kelib, navbatda turishlariga hojat qolmaydi.

«Kelmanglar deymiz, qabul ham qilmaymiz. Faqat elektron ravishda qabul qilamiz. Tayyorlab turib, hammanikini pochta orqali yuboramiz», — deya tushuntirdi vazir.

Agar mazkur tizim ishga tushirilmasa, eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish bo‘yicha muammolar tugamaydi.

«Besh yildan keyin ham yana shunaqa bo‘ladi. Albatta, 100 mingta, 200 mingta odam almashtirmay qolib ketadi va oxirgi kunlarda kelib, hammasi turib oladi. Shu [onlayn xizmat] orqali buni yechish mumkin», — dedi Adliya vazirligi rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jahon standartlarida imzo bo‘lishi kerakligi haqida talab bor. Ko‘p davlatlarda esa imzo yo‘q, ushbu holatlar o‘rganilib, Adliya vazirligi tegishli taklifni kiritishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari 2017 yilning oktabridan boshlab joriy etilgandi. Eski «prava"larni almashtirishni 2020 yilning 31 dekabrida yakunlash reja qilingandi.

Biroq, hukumatning 12 apreldagi qarori bilan eski haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni almashtirish muddati yana 1 yilga — 2021 yil yakuniga qadar uzaytirildi. Bu safar uning muddati berilgan yiliga bog‘liq ravishda o‘zgartirilishi belgilandi — agar ular 2010 yilgacha berilgan bo‘lsa, 2023 yil 31 martgacha almashtirilishi kerak.

Mart oyida Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 5,7 mln haydovchilik guvohnomasi egasidan faqat 2,6 mln nafari almashtirgani, 3,1 mln nafari esa hanuz yangisiga almashtirmaganini ma’lum qildi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish bo‘yicha qo‘llanma ham tayyorlagandi.

Video