21 iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashi yig‘ilishida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasida bajarilayotgan ishlar natijalari muhokama qilindi.

budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev may-iyun oylarida Buxoro, Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida aholi bandligini ta’minlash bilan bog‘liq ishlarni tanqid qildi.

«Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim soha va yo‘nalishlarda, shuningdek shahar va tumanlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmagan», — dedi u.

Investitsiya dasturi

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, investitsiya dasturi doirasida ishga tushgan loyihalar doirasidagi qariyb 3,6 mingta aholi bandligi soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan.

Jumladan, Buxoroda yaratilgan 869 ta ish o‘rnidan 665 tasi (76 foizi), Jizzaxda 363 ta ish o‘rnidan 307 tasi (84 foizi), Farg‘onada 2 924 ta ish o‘rnidan 2 620 tasi (89 foizi) soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagan.

Tanlanma tartibda ayrim loyihalar joyiga borib o‘rganilganda ham joriy yilda ularda yaratilgan ish o‘rinlari o‘z tasdig‘ini topmagan.

«Masalan, To‘raqo‘rg‘on tumanida ayrim nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2021 yilning avgust va noyabr oylarida faoliyatini boshlagan bo‘lsa-da, joriy yilgi hududiy investitsiya dasturiga yangi loyiha sifatida kiritilgan», — dedi qo‘mita raisi.

Erkin Gadoyev. Foto: Senat matbuot xizmati.

Xizmatlar sohasi

Ta’kidlanishicha, xizmatlar sohasida ham qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Xususan, sohani rivojlantirish orqali kelgusida kafolatli ish o‘rinlarini yaratish bilan bog‘liq prezidentning [PQ-104-son] qarorida belgilangan ayrim tadbirlarning ijrosi belgilangan muddatidan kechikmoqda.

«Shuningdek, xizmatlar sohasida yaratilgan ish o‘rinlarining asosiy qismi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Yangi savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida ish o‘rinlarini yaratilishi Namangan viloyatida 7%, Jizzax viloyatida 12% va Buxoro viloyatida 21% ga teng xolos», — dedi senator.

Shuningdek, u hududlarda yaratilgan ish o‘rni soni orttirib ko‘rsatilganini ham tanqid qildi.

«Bundan tashqari, xizmatlar sohasida yaratilgan yangi ish o‘rinlari bir vaqtning o‘zida boshqa soha va yo‘nalishlarda ham aks ettirilishi sababli, hisobotlarda jami hududda yaratilgan ish o‘rni soni orttirib ko‘rsatilgan. Jumladan, Buxoro viloyatida xizmatlar sohasida o‘zini o‘zi band qilish yo‘nalishida yaratilganligi qayd etilgan 22,4 mingta ish o‘rnidan 15,5 mingtasi qishloq xo‘jaligida, 3,0 mingtasi turizm va madaniyat sohasida takrorlangan», — deya ta’kidladi Erkin Gadoyev.

Qolaversa, xizmatlar sohasidagi yuridik shaxslarda yaratilgan Farg‘ona viloyatida 837 ta va Namangan viloyatida 2,3 mingta ish o‘rnida aholi bandligi mazkur korxona va tashkilotlar tomonidan soliq hisobotida aks ettirilmagan.

Hunarmandchilik

Ta’kidlanishicha, hunarmandchilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash rejasi Buxoroning Qorovulbozor va Buxoro, Jizzaxning Paxtakor va Forish, Namanganning Uchqo‘rg‘on va Norin, Farg‘onaning Yozyovon va Furqat tumanlarida bajarilmagan.

Joriy yilda yangi tashkil etilgan yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlarining Yangiobod tumanida 45%, Zarbdor tumanida 25%, Kogon shahrida 30%, Buxoro shahrida 23%, Mingbuloq tumanida 24% qismi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.


O‘zini o‘zi band qilish

«O‘zini o‘zi band qilish hisobiga ish o‘rnini yaratish bo‘yicha yillik prognoz ko‘rsatkichlari viloyatlarda ortig‘i bilan bajarilgan bo‘lsada, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan bir martalik ijtimoiy soliqni to‘lanishi, shuningdek ularning kelgusida kafolatlangan mehnat imtiyozlaridan foydalanish masalalariga e’tibor qaratilmagan», — dedi senator.

Xususan, Jizzaxda o‘zini o‘zi band qilgan 44,1 mingdan ziyod shaxsdan atigi 2,8 mingga yaqini yoki 6,3 foizi bir martalik ijtimoiy soliq to‘lovini to‘lagan xolos.

Fermer xo‘jaliklari

Fermer xo‘jaliklarida tomonidan yaratilgan ish o‘rinlarida mehnat qonunchiligi asosida aholi bandligi ta’minlash va ishchilarga hisoblangan ish haqi to‘lovlarini soliq hisobotlarida aks ettirish ishlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmagan.

«Jumladan, fermer xo‘jaliklarida jami yaratilgan ish o‘rinlarida band aholining Buxoro viloyatida 64 foizi, Jizzax viloyatida 58 foizi soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagan», — dedi Erkin Gadoyev.

Dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun ochiq elektron auksion savdosiga qo‘yilgan Buxoro (801 gektar), Jizzax (1 240 gektar) va Namangan (815 gektar) viloyatlaridagi 2,8 ming gektardan ortiq yer maydoni bo‘yicha aholining xabardorligi va manfaatdorligi pastligi sababli arizalar kelib tushmagan.

«Natijada aholiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonini ajratish hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish prognoz ko‘rsatkichi rejasi bajarilmasdan qolgan. Namangan viloyatida ochiq elektron onlayn-auksion savdolariga 44 552 ta lotda qo‘yilgan yer maydonlari bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlangan bo‘lsa-da, joriy yilning yanvar-aprel oylarida juda kam dehqon xo‘jaliklari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan», — dedi senator.

Qurilish sohasida yaratilgan yangi ish o‘rinlarining Buxoroda 83 foizi, Namanganda 74 foizi, Farg‘onada 82 foizida aholi bandligi soliq organi ma’lumotlari bazasida qayd etilmagan bo‘lsa, Jizzax viloyatida pudrat korxonalari kesimida yaratilgan ish o‘rinlarining hisobi yuritilmagan.

Mehnat yarmarkalari

Senat Kengashi yig‘ilishida mehnat yarmarkalarini tashkil etish samara bermayotgani yoki qo‘l uchida o‘tkazilayotganini ham tanqid qildi.

«Korxona va tashkilotlar yetarli miqdordagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etgan bo‘lsa-da, ishsiz fuqarolarni yarmarkalarga jalb qilish, ularni taklif etilgan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmagan», — dedi qo‘mita raisi.

Jumladan, o‘tkazilgan yarmarkalarga jalb etilgan jami fuqarolarning Farg‘ona shahrida 2 foizi, Quvasoy shahrida 4 foizi, Qo‘qon shahrida 7 foizi va Farg‘ona tumanida 6 foizi taklif etilgan ish o‘rinlari bo‘yicha bandligi ta’minlangan xolos.

Kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash dasturining ijrosi Chust (55 foiz), Dang‘ara (61 foiz), Davlatobod (62 foiz), Baxmal (67 foiz) va Vobkent (70 foiz) tumanlarida bajarilmagan.

Ijtimoiy muhofaza

Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qo‘yilgan ish o‘rinlaridan foydalanish darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatkich Uchko‘prik (2 foiz), Oltiariq (3 foiz), G‘ijduvon (9 foiz) va To‘raqo‘rg‘on (9 foiz) tumanlarida qayd etilib, mavjud imkoniyatdan samarali foydalanilmagan.

Jizzax viloyati hokimligi huzurida tashkil etilgan «Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tadbirkorlik subyektlarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga resurs sifatida mablag‘ ajratilmagan.