Namangan viloyatining Chust tuman hokimligi mansabdor shaxslari tarixiy yodgorlikka jiddiy zarar yetkazgani aniqlandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular madaniy meros obyektini noqonuniy hujjatlar asosida sotish va qayta qurishga ruxsat bergan.

Chust tumanining “Yangi hayot” mahallasida joylashgan XX asr boshiga mansub “Abdumalik” masjidi 2018 yilda Chust tuman hokimining qarori bilan “hashar yo‘li bilan qurilgan, hozirda qarovsiz qolgan, egasi aniqlanmagan bino” degan asossiz vaj bilan Madaniy meros inspeksiyasi balansidan hokimiyat balansiga o‘tkaziladi.

Tuman hokimligining tashabbusi bilan ushbu masjid binosi auksion savdolari orqali fuqaro T.A. ga 61 mln so‘mga sotib yuborilgan.

Tuman hokimining 2019 yil 30 apreldagi qarori bilan ushbu madaniy meros obyektini qayta qurishga noqonuniy ravishda ruxsat berilgan, deyiladi xabarda.

Oqibatda fuqaro T.A. tomonidan “Abdumalik masjidi"ning 61,1 kv metr shift qismining qaytadan ta’mirlanib, tusi o‘zgartirilgan. Buning natijasida unga 806,5 mln so‘m jiddiy zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Chust tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.