8−20 iyul kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahri mezbonlik qilgan CAFA Womenʼs Championship-2022 musobaqasida O‘zbekiston ayollar jamoasi g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

Qariyb o‘n ikki kun davom etgan Markaziy Osiyo chempionatida yaponiyalik Midori Honda boshchiligidagi O‘zbekiston ayollar MTJ Tojikiston (6:0), Turkmaniston (6:0), Qirg‘iziston (7:0) va Eron (1:0) jamoalarini mag‘lub etib, 12 ochko jamg‘argan holda musobaqa chempioniga aylandi.

O‘zbekistonlik qizlar oxirgi — hal qiluvchi bahsda 85-daqiqada Maftuna Shoyimova tomonidan kiritilgan gol evaziga eronlik futbolchilarni mag‘lub etib, g‘alabaga erishishdi.

Nilufar Qudratova. Foto: O‘FA

CAFA Womenʼs Championship-2022 turniri davomida 5 ta gol kiritgan Nilufar Qudratova musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Bu yilgi musobaqada jami beshta terma jamoa bosh sovrin uchun bellashdi. To‘rt yil oldin Toshkent shahri mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etgan Afg‘oniston ayollar terma jamoasi 2022 yilgi turnirda qatnashmadi.

CAFA Womenʼs Championship-2022 sovrindorlari quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • 1-o‘rin — O‘zbekiston (12 ochko)
  • 2-o‘rin — Eron (9 ochko)
  • 3-o‘rin — Qirg‘iziston (4 ochko)
  • 4-o‘rin — Turkmaniston (2 ochko)
  • 5-o‘rin — Tojikiston (1 ochko)

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi ilk Markaziy Osiyo chempionatida ham O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi g‘alaba qozongan, Nilufar Qudratova esa 9 ta gol bilan turnirda eng yaxshi to‘purar bo‘lgandi.

Video

Foto