O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 iyul kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining to‘rtinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadigan Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahriga keldi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbarini aeroportda Vazirlar Mahkamasi raisi — Qirg‘iziston prezidenti Administratsiyasi rahbari Akilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.


Sammitda savdo, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar, oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinadi.

Shuningdek, mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashiladi. Qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Shu kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammiti oldidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Tokayev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning norasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarlari birgalikda «Nomad» madaniyat markaziga borishdi. Hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi ko‘zdan kechirildi. So‘ng ko‘chmanchilar o‘yinlari namoyish etildi.

Eslatib o‘tamiz, mintaqa yetakchilarining birinchi sammiti 2018 yil mart oyida Nur-Sultonda, ikkinchisi 2019 yil noyabrda Toshkentda va uchinchisi o‘tgan yilning avgust oyida Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan.

Foto