8 iyul kuni JSST Ganada Marburg virusi nomli kasallikning aniqlangani va ushbu kasallik alomatlari kuzatilgan ikki kishi kasalxonada vafot etgani haqida xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, yuqori harorat, diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish holatlari kuzatilgan bu ikki bemorning biri kasalxonaga olib kelingan kunning ertasi, ikkinchi bemor esa olib kelingan kunning o‘zida vafot etgan. Marburg virusi nomli ushbu kasallik haqida bizga nimalar ma’lum? U qanchalik xavfli? U qachon paydo bo‘lgan? «Gazeta.uz» ushbu maqolada bu kasallik haqida bilish kerak bo‘lgan ma’lumotlarni to‘pladi.

Marburg virusi qanday kasallik?

Marburg virusi (Marburg Marburgvirus, MARV) — filoviruslar turiga kiradi. Filoviruslarning (lotincha. filum — tola) bunday atalishiga sabab, ularga mikroskop ostida qaralsa, ular tola ko‘rinishiga o‘xshash shaklga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Filoviruslar oilasining eng mashhur vakili — bu Ebola. Demak, Marburg virusini Ebola virusining qarindoshi deyish mumkin. MARV’ning bir-biridan genetik jihatdan va ta’sir qilish darajasiga ko‘ra farq qiluvchi bir nechta turi mavjud.

Yuqorida aytib o‘tilgan ikki bemorning tashhislari Dakardagi (Senegal) Paster institutiga yuborildi. Ularning bittasida ushbu kasallik bor ekanligi tasdiqlandi. JSST bu kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida Ganaga yordam choralarini kuchaytirishini bildirdi.

Shu o‘rinda qayd etib o‘tish lozimki, ushbu virus yaqinda paydo bo‘lib qolgan emas va shu kungacha deyarli barcha bu virus bilan bog‘liq holatlar Sharqiy Afrikada kuzatilgan. Ganada esa bu virus ilk bor aniqlanmoqda.

Marburg virusi qachon va qanday paydo bo‘lgan?

Ma’lum bo‘lishicha, 1967 yilda Frankfurt, Marburg va Belgrad laboratoriyalari xodimlari Ugandadan olib kelingan yashil martishkalarining (Cercopithecus aethiops) to‘qimalarini ko‘zdan kechirayotganida yangi virus bilan zararlanishgan va virus ularga qaragan tibbiy xodimlarga ham yuqqan. Tez orada buning yangi virus ekanligi aniqlanadi. Virusga yuqoridagi laboratoriyalardan birining nomi berilgan.

Biroq, ushbu virusning asosiy rezervuari sifatida ko‘pincha Nil ko‘rshapalagi (Rousettus aegyptiacus) tilga olinadi. Bu jonivorlar mevalar bilan oziqlanadi va katta koloniya bo‘lib yashashadi. Ularning o‘zlarida virus asoratlarsiz o‘tadi.

Vaqti-vaqti bilan ushbu virus bilan bog‘liq epidemiyalar va alohida holatlar Angola, Kongo Demokratik Respublikasi, Keniya, Uganda, Janubiy Afrika (yaqinda Zimbabvega sayohat qilgan odamda) va Ugandada qayt etilgan. 2008 yilda Ugandada ushbu virus bilan zararlangan insonning avvalroq Nil ko‘rshapalagi koloniyasi joylashgan g‘orga tashrif buyurgani ma’lum bo‘lgan.

MARV virusi qanday yo‘l bilan yuqishi mumkin?

MARV bilan kasallanganlar faqat alomatlar paydo bo‘lgandagina virus yuqtirishi mumkin. Virusning yuqishi tanadan chiqadigan suyuqliklar va ifloslangan choyshablar, tibbiy vositalarga teginish orqali sodir bo‘ladi - odatda virus kasallarga g‘amxo‘rlik qilgan yoki ularning tanalarini ko‘mgan insonlarga yuqishi holatlari kuzatiladi. Albatta, bunday holatlar bemorlar bilan yaqin aloqa qilishda virus yuqishining oldini olish choralariga rioya qilmaslik oqibatida yuz beradi. Shuningdek, virus sog‘aygan insonning to‘qimalarida bir necha oy davomida qolishi mumkin, shuning uchun Marburg virusi erkak kishidan (lekin ayol kishidan emas) jinsiy yo‘l orqali yuqishi mumkin.

Virus qonda saqlanar ekan, bemor infeksiya manbai bo‘lib qolaveradi.

Marburg virus qanchalik xavfli?

MARV virusi bilan zararlangan insonda inkubatsion davr odatda 2−21 kun davom etadi. Ushbu muddatdan keyin bemorda birdan harorat ko‘tarilishi, qattiq bosh og‘rig‘i, holsizlik va mushaklardagi og‘riqni his qila boshlaydi.

Yana 2−5 kun o‘tgach, bemor qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, diareya va oshqozon-ichak traktidagi boshqa noqulayliklarni his qilishni boshlaydi.

5−7 kun o‘tib, bemorning ahvoli yomonlashadi, qon ketishi va tanaga toshma toshishi kuzatiladi. Buning oqibatida, nerv tizimi zararlanadi, bemor komaga tushib qolishi ham mumkin.

Virusning qaysi varianti bilan zararlanganiga qarab, odatda 24−88% bemorlarda o‘lim holati kuzatilishi mumkin. Odatda o‘lim holati inkubatsion davrdan 8−9 kun o‘tgach kuzatiladi (ichki qon ketishi, organlarning ishdan chiqishi va shok oqibatida). Sog‘aygan bemorlarning o‘ziga kelishi uchun ko‘p vaqt talab etiladi. Ushbu virusni boshdan kechirgan insonlarda aqliy qobiliyatlar susayishi mumkin.

Bu virusga qarshi dori vositalari yoki vaksina bormi?

MARV virusini davolash bo‘yicha tavsiya etilgan dori vositalari hozircha yo‘q. Bemorlarga qo‘llab-quvvatlovchi va simptomatik terapiya qo‘llaniladi.

Olimlar Marburg virusiga uchun davo topishga harakat qilishmoqda. 2017 yilda amerikalik tadqiqotchilar guruhi gvineya cho‘chqalarida inson monoklonal antitanachalariga asoslangan preparatni sinab ko‘rdi. Natijalar umid bag‘ishladi: preparat infeksiyadan besh kun o‘tib yuborilgan bo‘lsa ham, barcha hayvonlar tirik qoldi.

Shuningdek, 2020 yilda Yevropa Tibbiyot Agentligi (YeTA) tomonidan tasdiqlangan Ebola virusi kasalligiga qarshi Zabdeno va Mvabea vaksinalari Marburg virusidan qisman himoyalashiga umid qilinmoqda. Biroq, ularning MARV’ga qarshi samaradorligi hali klinik sinovlardan o‘tkazilmagan.


Hozirgi vaziyatda virus faqat Ganada aniqlangan. Gana hukumati virus tarqalishining oldini olish yuzasidan barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 100 ga yaqin kishi qat’iy karantinga olingan. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir guruh mutaxassislarini ushbu mamlakatga safarbar etyapti.

«Bu jarayonda tezkorlik juda muhim, — deydi JSSTning Afrika mintaqaviy byurosi rahbari Matshidiso Moeti. — Chunki zudlik bilan qat’iy choralar ko‘rilmasa, Marburg osongina nazoratdan chiqib ketadi. Biz hozir shunga erishyapmiz».