23−24−25−26 iyul kunlari barcha hududlarda 6 ta oliy ta’lim muassasasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Imtihonlar 2 bosqichda o‘tkaziladi. 1-bosqich (yozma qismi) — tinglab tushunish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini baholash imtihonlari qog‘oz shaklda bo‘lib o‘tadi. 2-, gapirish ko‘nikmasini baholash imtihonlari esa Davlat test markazining maxsus dasturi orqali belgilangan joylarda elektron tarzda bo‘lib o‘tadi.

Abituriyentlar qachon, qayerda imtihonda ishtirok etishini my.dtm.uz sayti orqali shaxsiy kabinetidan bilishlari va imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani (abituriyent qayd varaqasining quyi qismida) yuklab olishlari mumkin.

«Abituriyentlar imtihon o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida yarim soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ruxsatnoma bilan kelishlari lozim», — deyiladi xabarda. Imtihon o‘tkaziladigan joylar.

Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab 6 ta OTMga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon bo‘lib o‘tadi. Unda abituriyentlarning xorij tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish kompetensiyalari baholanadi. DTM 2 soat 45 daqiqa vaqt ajratiladigan mazkur imtihonning formati va qoidalarini e’lon qildi.

Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon olinadigan OTMlar:

  • O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
  • Samarqand davlat chet tillar instituti;
  • Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining fanlar majmuasiga chet tili birinchi fan sifatida kiritilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti;
  • Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
  • Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga.