Hozirgi vaqtda Toshkent shahrida psixotrop moddalarni iste’mol qilish holatlari o‘tgan yillarga qaraganda ko‘paymoqda. Bu haqda 19 iyul kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 67-sessiyasida shahar IIBB boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyev ma’lum qildi.

«2012−2013 yillarda tramadol va boshqalar psixotrop moddalar qatoriga kiritilmagandi. Bu narsani ayniqsa yoshlar orasida iste’mol qilish ko‘payib ketgan edi. Hozirgi tendensiya ham juda ko‘paygan… Bu yashiradigan narsa emas. Kamaydi desam noto‘g‘ri bo‘ladi», — dedi Murodilla Aliqoriyev.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosari taqiqlangan moddalar mamlakatga qo‘shni davlatlardan aylanma yo‘llar orqali kirib kelayotganini aytdi.

Murodilla Aliqoriyev. Foto: Videodan lavha.

«Aylanma yo‘llar orqali kirib kelayotgani, «qora bozor»da noqonuniy sotilayotgani ushlanayapti, bu hali ham davom etayapti», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari Toshkent shahri va viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullanishda gumonlangan 9 nafar shaxsni hibsga olgani haqida yozgandik. Ularning oldidan 34 mln so‘mlik 1351 dona dori vositasi topilgan.