17 iyuldan beri davom etayotgan anomal issiq kunlardan 20 iyul soat 06:00 ga qadar Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 130 115 ta chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda SSV Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashevning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, murojaatchilarning 23 421 nafarini qon bosimi ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar tashkil etdi. Ularning 4215 nafari esa gospitalizatsiya qilindi.

«Qolaversa, ushbu sanalarda Toshkent shahar „103“ xizmatiga jami 11 821 ta chaqiriq kelib tushgan. Murojaatlarning 4235 nafarini qon bosimi ko‘tarilishi, nafas qisishi, astma va boshqa kasalliklar bo‘yicha bemorlar tashkil etdi. Ularning 2185 nafari esa davolanish uchun shifoxonalarga yotqizilgan», — deyiladi xabarda.

SSV hozirda jazirama havo kuzatilayotgani bois Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Mamlakatdagi 1010 ta poliklinika, 923 ta oilaviy shifokor punktida patronaj xizmatlari kuchaytirilib, surunkali kasalliklarga chalingan yotoq sharoitidagi bemorlarga o‘z vaqtida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotganini keltirdi. Shuningdek, respublikada 2762 ta tez tibbiy yordam brigadasi aholidan bo‘ladigan chaqiriqlarni qabul qiladi.

Vazirlik zarurat bo‘lmasa, aholidan jazirama payti tashqariga chiqmaslikni, tez-tez suyuqlik ichish, imkon qadar yog‘li, dudlangan taomlar tanovul qilmaslik, aksincha, ko‘proq meva va sabzavotlar iste’mol qilishni tavsiya etdi.