Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bundan keyin davlat organ va tashkilotlarida yig‘ilishga emas, balki aholi muammolari bilan ishlashga e’tibor qaratilishini ma’lum qildi.

«Bundan buyon yig‘ilish va qarorlarni kamaytirib, ijro va aholi muammolari bo‘yicha ishlaydigan tizim bo‘ladi. Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar ko‘p kamchiliklarimizni ko‘rsatdi. Bir oydan keyin har bir viloyat hokimi qilgan ishlari haqida alohida hisobot beradi», — dedi prezident.

«Oldimizda hali eng qiyin va og‘ir islohotlar turibdi, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. — Hamma o‘zgarishi kerak, ish uslublarini ham o‘zgartirishi kerak».

Vazirlar Mahkamasida, vazirlar va hokimlar ham o‘z tizimida 10 kun muddatda strukturasi va ish uslublarini o‘zgartirishi shart, deyiladi xabarda.

Adliya vazirligiga aholi va tadbirkorlarni yangiliklardan xabardor qilish va ularga qulayliklar yaratish hamda qonunchilikni ixchamlashtirish bo‘yicha yangi tizimni ishlab chiqish topshirildi.

Hisob palatasi, Moliya vazirligiga berilayotgan mablag‘lar maqsadli ishlatilishi, ayniqsa, qurilishni moliyalashtirish, subsidiya va kompensatsiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha yangi tizimni ishlab chiqish topshirildi.

«Umuman, hamma mahalla, tumanga tushib, muammolarni ichiga kirib, aniq natijaga ishlashi shart», — dedi davlat rahbari.