18 iyul kungi videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2,6 mlnta aholi xonadonlarining kadastr hujjatlari yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, ushbu aholi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga murojaatlar tushmoqda. Ustiga ustak, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

Shu bois Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Kadastr agentligiga bir hafta muddatda ishchi guruhlarini shakllantirib, ishlarni boshlash topshirildi.

Ishchi guruhlari:

  • 1 oktabrga qadar mahallabay kadastr hujjati bo‘lmagan xonadonlarning elektron ro‘yxatini shakllantiradi;
  • uy-joyga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etishga asos bo‘luvchi hujjatlarni to‘playdi va elektron bazaga kiritadi.

Mutasaddilarga respublikaning barcha hududlarida kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasini ishlab chiqib, muhokamaga kiritish vazifasi qo‘yildi.

Yangi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turishga qaror qilindi.