18 iyul kuni Andijon viloyatidagi UzAuto Motors kompaniyasining avtomobil zavodida birinchi Chevrolet Tracker 2023 modeli ishlab chiqarildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«O‘zbekistonda birinchi marta krossover avtomobillarining yangi modeli to‘liq siklda ishlab chiqarila boshlandi», — deyiladi kompaniyaning rasmiy relizida.

Tracker`ning yangi avlodi O‘zbekistonda 2021 yil yanvar oyida sotuvga chiqarilgandi. Avtomobil Xitoydan olib kirilgan. O‘tgan yilning dekabr oyida avtomobilning birinchi sinov versiyasi Asakada chiqarilgandi.

UzAuto Motors vakillarining so‘zlariga ko‘ra, avtomobil 30 avgustdan sotuvga chiqariladi. Hozircha uning narxi e’lon qilinmadi, biroq, ishlab chiqaruvchi import avtomobildan ancha arzonroq bo‘lishiga va’da bermoqda. Birinchi bosqichda Tracker 3 ta asosiy: LS, LT va Premier komplektatsiyalarda ishlab chiqariladi.


O‘zbekiston, Xitoy va Braziliyadan keyin eksport bozorlarida eng talabgir, Braziliya, Meksika va Filippinda eng ko‘p sotiladigan krossover Chevrolet Tracker 2023 avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan uchinchi mamlakatga aylandi, deyiladi kompaniya xabarida.

Avtomobilni GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu Asaka avtomobil zavodini modernizatsiya qilish va mahalliy yetkazib beruvchi hamkorlar tomonidan ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan sarmoyalar tufayli amalga oshirildi. Investitsiyalarning umumiy hajmi 620 million dollardan ortiq.


Bir dona krossoverni ishlab chiqarishga o‘rtacha 3 kun sarflandi, unga ishlatilayotgan ehtiyot qismlarining 48−50 foizi esa mahalliy korxonalar tomonidan yetkazib berilgan. Kompaniya yil yakuniga qadar 25 mingta, 2023 yilda esa 80 mingta Tracker mashinasini sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda.