Ko‘cha rassomi Inkuzart bir vaqtning o‘zida ikkita tasvirni birlashtirgan yangi ijodiy ishini taqdim etdi. Bular — Rossiya va Ukraina prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning ikki tomondan chizilgan portretlari. U turli burchaklardan qaralganda tasvir o‘zgarib turadigan «stereo-vario» otkritkalariga o‘xshaydi.


Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / Facebook.

Muallif o‘z asarini ikki tilda — rus va ukrain tillarida qisqacha izohladi: «Kto prav ili net, zavisit, s kakoy storonы smotret. Xto praviy chi nі, zalejit z yakogo boku divitisya» («Kimning haq yoki nohaq ekani qaysi tomondan qarashga bog‘liq»).


Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / Facebook.

«Gazeta.uz» rassomdan suratga izoh berishini so‘raganda, qisqacha qilib: «Har kimning o‘z haqiqati borligini aytmoqchi bo‘ldim», — deya javob berdi. Shuningdek, u: «Va men tinchlik tarafdoriman», deya qo‘shimcha qildi.

Qolgan Inkuzart asarlari kabi yangi ijod ishi ham Chilonzor tumanida (1-kvartal) joylashgan. U xuddi shu rassomning «Umid ko‘zi» nomli eski illyustratsiyasining o‘rnida paydo bo‘ldi.

Foto: Yevgeniy Sklyarevskiy / Facebook.

«[Asar] urush bilan bog‘liq jamiyatdagi kelishmovchilikni aniq tasvirlab beradi. Bu janjal barcha oilalar va turli jamoalar, jamiyat, tashqaridagi qiziquvchilar va qo‘shnilar orqali o‘tdi», — deya izoh berdi «Pisma o Tashkente» («Toshkent haqida maktublar») sayti rahbari Yevgeniy Sklyarevskiy.