O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov dushanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Qoraqalpog‘istonda 1−2 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan namoyishlarda qatnashgan ayrim fuqarolarning bedarak yo‘qolgani haqidagi ma’lumotni «soxta» deb atadi.

8 iyul kuni Reuters Yevropa inson huquqlari tashkiloti — Open Dialogue Foundation kamida 58 nafar bedarak yo‘qolgan fuqarolarning ism-shariflari ro‘yxatini tuzganini xabar qilgan edi.

«Afsuskin, ayrim xorijiy ijtimoiy tarmoqlarda voqeada ishtirok etgan ayrim fuqarolar bedarak yo‘qolganligi haqida mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan „feyk“ xabarlar tarqatilmoqda», «, — deya ma’lum qildi u.

Tarmoqlarda tarqatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilgan bir qism fuqarolar o‘z yashash uylarida ekanliklari, bir qismi Qoraqalpog‘iston hududidan chetga chiqib ketganliklari, ayrimlari esa umuman mavjud bo‘lmagan shaxslar ekanliklari aniqlangan.

«Shunday bo‘lsa-da bu holat Bosh prokuratura tezkor-tergov guruhi tomonidan nazoratga olindi va hozirgi vaqtda yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilmoqda», — deya qayd etdi Hayot Shamsutdinov.

Bosh prokuratura vakili barchadan «soxta va uydirma ma’lumotlarga ishonmasdan, o‘tkazilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari haqidagi haqqoniy ma’lumotlarni Bosh prokuratura shtabi axborot manbalaridan olishni» tavsiya qildi.