O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘onistondan O‘zbekiston hududiga uchinchi marta raketa hujumi uyushtirilgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

«Mazkur mazmunda tarqatilayotgan xabarlar yolg‘on bo‘lib, mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasi O‘zbekiston harbiylari tomonidan to‘liq nazorat qilinmoqda, vaziyat barqaror», — deyiladi xabarda.

5 iyul kuni Termizda Afg‘onistondan bo‘lgani taxmin qilinayotgan beshta raketa qulagani, to‘rtta uy zarar ko‘rgani, qurbonlar yo‘qligi xabar qilingan edi.

Aprel oyida esa ISHIDning Xuroson bo‘limi jangchilari Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga raketalar uchirishga uringani, biroq snaryadlar o‘zbek chegarasigacha yetib kelmagani ma’lum qilindi.