Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov Sevimli telekanalining Zamon dasturiga bergan intervyusida koronavirus «omikron» shtammining «kentavr» nomini olgan yangi turi haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 7 iyul kuni «omikron BA.2.75 yoki «kentavr» shtammining kichik turi rivojlanishi kuzatilayotganini ma’lum qildi. Mazkur kichik turlar bu nomni internet foydalanuvchilaridan birining taklifi bilan Sentavr yulduz turkumidagi galaktika nomidan olindi. Euronews iqtibos keltirgan ekspertlarning fikricha, u omikrondan keyin dominant variantga aylanishi mumkin.

«Shtammning qanday nomlanishi juda katta ahamiyatga ega emas», — dedi u. «Ularning hammasi koronavirus. Viruv har oyda yangi bir shaklga, ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin. «Kentavr»ning yuqish tendensiyasi, mutaxassislarning fikricha, birmuncha yuqori. Bir paytning o‘zida juda ko‘p odamlarni kasallantirishi mumkin. Hatto «omikron»ning boshqa turi bilan kasallangan odam ham ushbu virusni yuqtirib olishi mumkinligi haqida gapirilyapti», — deya qayd etdi u.

«Kasallikning kechish jihatlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, «omikron» shtammi bilan chaqirilgan qanday turi, bu — BA.1, BA.2 mi yoki bo‘lmasa «kentavr»mi, qat’i nazar, kasallikning kechishi qariyb hammada bir xil. Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 98 foiz holatda kasallik yengil kechyapti. kasallikka qarshi kim emlangan bo‘lsa, ularda kasallik yengil, asoratlarsiz o‘tyapti», — dedi u.

Nurmat Otabekov «kentavr» O‘zbekistonga allaqachon kirib kelgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi: «O‘zbekiston fuqarolari hozir dunyoning xohlagan nuqtasida bo‘lishi mumkin. Shu naqtai nazardan virus kasallikning yashirin davrida O‘zbekistonga kirib kelgan bo‘lishi mumkin».

Yangi vaksinani ishlab chiqish zarurligiga kelsak, u odamlar orasida COVID-19 qo‘zg‘atuvchi hisoblangan yangi SARS-CoV-2 koronavirusi topilganidan beri ushbu virusning deyarli 17 ming mutatsiyasi aniqlanganini ta’kidladi.

«Bularning hammasiga vaksina ishlab chiqarishga ehtiyoj yo‘q. Koronavirusga qarshi ishlatiladigan vaksinaning o‘zi bu kasalliklardan himoya qiladi. Shu nuqtai nazardan qo‘shimcha vaksina ishlab chiqarishga hech qanday ehtiyoj yo‘q. Mavjud vaksinalar bilan emlanishning o‘zi va buster doza bilan emlanishning o‘zi kifoya qiladi», — deya ta’kidladi u.