Prezident farmoni bilan Sardor Umurzakov O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, Zaynilobiddin Nizomiddinov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan administratsiya rahbari lavozimidan ketgandi.

Sardor Umurzakov (1977 yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan, so‘ngra Reding universiteti (Buyuk Britaniya) magistraturasida o‘qishni davom ettirgan, PhD darajasiga ega.

Uzoq vaqt davomida O‘zbekiston bank tizimida va xorijda — Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida (London, Buyuk Britaniya), shuningdek, moliya organlari tuzilmasida, xususan, vazirlik g‘aznachiligida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

O‘z faoliyati davomida «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi boshqaruvi raisi maslahatchisi (2014−2017), rais o‘rinbosari (2017−2018) va «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi (2018−2019) lavozimlarida ishlagan.

2019 yil yanvar oyida u Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri etib tayinlangandi, 2020 yil mart oyida esa Qonunchilik palatasi tomonidan bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangan.